“Islomiy davlat” (ID) jangari guruhi o’z nomiga yarasha hukumat idoralarini ta’sis etib, davlat tizimini yaratmoqchi.
Obama ma’muriyati bunday ma’lumotni inkor etib, ID moliyaviy va fuqaroviy tizim tuzishga qodir emas, deb keladi. Guruh oldiga katta maqsadlar qo’yayotganiga qaramay ularga erishish uchun mablag’ yetmaydi. Bu va guruhning shafqatsiz uslublarini olsa, pirovardida ID kuni bitadi, deydi Vashington rasmiylari.
Biroq mutaxassislar ID o’zgarishlarga tez moslasha olayotganini e’tirof etib, guruh qudratini tan olmay bo’lmaydi, demoqda.
“Ularning moliyaviy ahvoli juda yaxshi. Kelasi 3-5 yilda ular vaziyatni bemalol boshqarishda davom etadi” - deydi RAND korporatsiyasi tahlilchisi Ben Bani.
Ramadi shahridagi kabi so’nggi g’alabalar oqibatida esa jangarilar kam bo’lsa ham, yangi hududlarni qo’lga kiritish mumkinligi ayon bo’ldi.
“Ofislarda o’tirib, hisob-kitob qilayotgan va davlat tizimining ishlab turishini ta’minlayotgan odamlar ham bor”, - deydi ekspert.
AQSh rasmiylariga ko’ra, guruh har oy turli faoliyatlardan o’nlab million dollar daromad oladi. AQSh Moliya vazirligi taxminlariga ko’ra, shu yil boshida ID Suriyadagi g’aznasida qariyb 500 million dollar bo’lgan. Ayrim manbalarga ko’ra, bu raqam 2 milliard dollarga teng bo’lishi mumkin.
Bu pullarning hammasi urush va janglarga sarflanadi deyish noto’g’ri.
“Ular infratuzilmani saqlab qolishga harakat qildi. Guruh uchun aloqa katta ahamiyatga egaligi aniq. Bundan tashqari, kasalxonalar ham ishlab turibdi”, - deydi tahlilchi Bani.
AQShdagi Yaqin Sharq forumidan Ayman Javad al-Tamimiy guruh faoliyati aslida chuqurroq, degan fikrda.
“Davlat tizimiga o’xshagan tuzilmani mustahkamlash ustida ular qattiq mehnat qildi. Bu tizim mustahkamlanmoqda, vaqt o’tgan sari muayyan o’zgarishlarni ko’rish mumkin, masalan alohida idoralarni birlashtirgan ma’muriy tizim vujudga kelyapti,” – deydi u.
“Hammasi hali ilk bosqichda, lekin vaqt o’tgan sari tizim chuqurroq ildiz otadi, mustahkamlanadi”, - deydi al-Tamimiy.
“Guruh nazoratida bo’lmagan aholi ID hududidagi qarindoshlari bilan uchrashib turishni istaydi, bu esa savdo va biznesning rivojlanishiga olib kelyapti. ID hududiga har kuni yoki kun ora qatnaydigan avtobuslar bor”, - deydi tahlilchi.
Markaziy hukumat ta’sis etildi, u ta’lim, qimmatbaho zaxiralar, maishiy xizmatlar kabi turli vazirliklarni nazorat qiladi. Vazirlik farmon chiqarsa, ID nazoratida bo’lgan barcha viloyatlarga bildiriladi.
“Davlat tizimi bo’lganidan keyin, albatta, turli xizmatlar, masalan, chiqindi va axlatni yig’ish, maktabga qabul qilish kabi xizmatlar uchun to’lov talab qilinadi. Davlat tizimi bor ekan, bunday to’lovlar ham bo’ladi,” – tushuntiradi al-Tamimiy.
Mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlardan farqli o’laroq ID mavjud davlat tizimini vayron qilishga shoshilmadi, aksincha, saqlab qolish va undan foydalanishga harakat qilmoqda. Masalan, Iroqda yangi egallangan hududlarda davlat idoralari xodimlariga ishni davom etish taklif etildi, ammo maoshining 50 foizi soliq sifatida IDga to’lanishi kerak, deb belgilandi.
AQSh rasmiylariga ko’ra, ID sarfiyati juda katta. Jangarilarga pul to’lash kerak. Bundan tashqari, xizmatchilar, o’qituvchi va boshqalar maoshlari ham bor. Aholini maishiy xizmatlar bilan ta’minlash ham katta xarajat degani.
“ID uchun xarajatdan kattaroq daromad olish jiddiy muammo. O’zini davlat deb e’lon qilgan tuzilma juda qimmatga tushyapti”, - deydi AQSh razvedka xizmati xodimi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Jangarilarning o’ziga har oy 10 million dollar to’lanadi, deydi rasmiylar. Bosib olingan hududlarda koalitsya tomonidan havodan zarba yeyishi mumkin infratuzilmaga juda kam mablag’ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, aholi orasidagi kayfiyatlar ham muhim.
“Guruhning qatiqqo’l boshqaruvi va fuqarolarni ezish siyosati ular o’ziga olgan yagona mas’uliyat, chamasi”, - deydi razvedkachi.
AQSh Moliya vazirligining sobiq rasmiysi Metyu Levitt fuqarolarni soliq va boshqa to’lovlarni to’lashga majbur qilish terror guruhi g’aznasini to’ldirayotgan asosiy uslub, deydi.
“Mablag’, asosan, Iroq ichidagi jinoiy faoliyatdan olinadi, ya’ni bu moliyaviy model barqaror emas,” – deydi Levitt.
AQSh IDning xalqaro bank tizimi bilan aloqalarini kesgan. Guruhning o’z valyutasini joriy etish urinishi samara bermadi.
“Bir necha jabhada janglar olib borish, shaharlarni bosib olish va boshqarish nihoyatda og’ir moliyaviy mas’uliyat, - deydi Vashingtondan tahlilchi Bill Rojio. – Biroq hozirgacha bosib olingan hududlarda aholi ochlikdan o’lyapti, qabilidagi gaplarni eshitmadik. Ya’ni ocharchilik yo’q. Odamlarning eng asosiy ehtiyojlari qondirilgan”.