Breaking News

Tojikistonning maxsus kuchlari sobiq qo'mondoni "Islomiy davlat" safida


Tojikiston: Polkovnik Gulmurod Halimov hozirda Suriyada ekanini aytgan
Tojikiston: Polkovnik Gulmurod Halimov hozirda Suriyada ekanini aytgan

Tojikistonda maxsus OMON bo’linmasi sobiq qo’mondoni, polkovnik Gulmurod Halimovning o’zi bilan bir qancha yoshlarni "Islomiy davlat" jangarilari safiga qo'shilgani haqidagi video-lenta mintaqada ancha tashvish uyg'otmoqda. Afg'onistondagi jarayonlar hamda ichki siyosat sabab Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlati deb hisoblangan Tojikistonda rasmiylar ekstremizmga qarshi choralar kuchaytirilganini aytmoqda.

Gulmurod Halimov Rossiya va Amerika maxsus markazlarida malaka oshirgan. Vatanida vijdon erkinligiga yo’l qo’yilmayotgani, inson huquqlari cheklangani va chet davlatlarning daxolati sabab terror guruhiga kirganini aytadi.

"Men 1997-yilgacha Moskvada maxsus bo’linmada maxsus tayyorgarlikdan o’tganman. 2003-yilda Luiziana shtatida Amerika maxsus bo’linmalarida malaka oshirganman. 2008-yilda yana Amerikada "Blackwater" harbiy bazasida maxsus amaliyotlardan o’tganman. TIIV-dagi toqatsiz holat, diniy cheklovlar, haddan ortgan korrupsiya mening shu qarorga kelishimga asos bo’ldi", - deydi Suriyada paydo bo’lgan polkovnik Halimov.

Jamiyatshunos Anatoliy Hayimshoyev aytadiki, yuqori martabali tojik mulozimining Suriyaga yashirincha ketib qolishida gap ko’p.

"Gulmurod Halimovning Tojikistondan qo’qqisdan va yashirincha chiqib ketganligi haqida ko’p gapirishmoqda, farazlar ham ko’p. Bunga agar jiddiy qaraladigan bo’lsa, gap polkovnikda ham, jihod yoki "Islom davlati"da ham emas, gap mintaqa kelajagi haqida ketmoqda. Qandaydir kuchlar puxtalik bilan ish ko’rmoqda, aslida chetda emas, shu yerda - Tojikistonning o’zida ish bormoqda. Nazarimda, Gulmurodning ishi regionda ro’y berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlarning debochasi tugaganligidan dalolat beradi. O’zgarishlar bosqichi yangi ko’lamga ko'chgan, mintaqa jiddiy xavf ostida",- deydi Hayimshoyev.

Sug’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi lhom Yusupov jangarilarga qo’shilgan tojik zobitini irodasi sust va ehtimol, ruhiy xasta deb hisoblab, bu odam o’zi radikal oqimlar ta’siriga tishib qolgan ashaddiy mutaassib ekan, deydi. Chet ellarda bir necha bor malaka oshirgan yuqori martabali zobitni ruhan xasta va irodasi sust hisoblash mumkinmi degan savolga Yusupov “insonni bilib bo’lmaydi, ruhiy xastalik yillar davomida rivojlanib boradi” deydi.

"Chunki radikal harakatlarning shunday mafkurasi borki, ancha muncha har qanday odamlarni ruhiy qobiliyatlarini sindirib qo’yadi", - deydi milliy jamoatchilik tashkiloti raisi bo’lgan o’zbek ziyolisi.

Siyosatshunos, islom partiyasi siyosiy sho’rosi a’zosi Hikmatullo Sayfullozoda bu kabi xulosa mavjud hukumatning doimiy bahonasiga aylangan, boshqa bahonalari ham yo’q deb aytadi.

"Hukumatdagilar shunaqa barcha aybvlovlarni devonalik, aldovga uchishlarga olib borib taqashadi. Holbuki, siyosat yuritishdagi xatoyu-kamchiliklarni alohida idoralar, umuman hukumatnng o’zi, ishdagi no’noqliklari, nuqsonlarini tan olishlari kerak, siyosatlarini o’zgartirishlari zarur. Ishlarini o’zgartirmas ekanlar, taxmin etamanki, muammo va mushkulliklar bundan-da battar va chigal bo’laveradi", - deydi Sayfullozoda.

Qochoq polkovnik Halimovning Rossiya va Amerika maxsus bo’linmalarida malaka oshirganligiga e’tibor qaratib, ba’zilar bu ishda shu mamlakatlarga ishora ham qilib, turli farazlarni ilgari surishmoqda.

Ilhom Yusupov bunday faraz ehtimolini nazarda tutgan holda, Amerika yoki Rossiyani ayblashga asos yo’q deb fikr yuritadi.

"Aniq dalil-isbotlarga ega bo’lmasdan turib tashxis qo’yish to’g’ri emas. Falon uchinchi davlatni o’yinlariga o’ynagan yo boshqa-boshqa gaplar bekorchi… Lekin to’g’ri, o'sha yollaganlarning o’zi uchinchi davlat-ku, ular o’sha bosqichma bosqich kirib kelgan bu yerga", - deydi Yusupov.

Masalani tahlil etgan mahalliy ekspert Hayimshoyev fikricha, javobni Tojikistonning o’zidan izlash kerak, hammasi ichkarida yashirin.

"Hammasi bizga talqin etilayotganidek emas, agar yuzaki qaraladigan bo’lsa, barchasi Gulmurod aytayotganidek. Ammo buning ortida yana nima bor, qanday rejalar yashiringan, Rossiya tomon bildirayotgan gaplar haqiqatga qanchalik yaqin? Ba'zida savol berib, javobni shuning o’zidan topish mumkin. Endi bir narsa aniqki, region tashqi xurujga dosh berolmaydi, hammasi ichidan irigan, mana bu masalada polkovnik to’g’ri gapiradi", - deydi Hayimshoyev.

Rus tahlilchilari regionda o’tayotgan voqealarni o’zlariga manfaatli tarzda talqin etishadi, ayrim jihatlarni bo’rttirib, o’z foydalariga ish yuritishadi, deydi mahalliy siyosatshunoslar.

Tahlilchi Lev Korolkov "Islomiy davlat" ning Markaziy Osiyo, qisman Rossiya va Pokistonu-Hindistonni o’z ichiga olgan “Xuroson” xalifatini tuzish niyati haqida aytgan gaplarini siyosatshunos Saidamir inkor etarkan, bu gaplar Rossiya manfaati uchun aytilgan taxminlar bo’lsa-da, o’sha rejaning regionda mavjudligi ham rost deydi.

“Ammo bu hammasi faqat parda xolos, birgina Tojikistondagi vaziyat o’zgarishi bilan deylik, agar shunday bo’lgan taqdirda ham, mintaqada O’zbekiston va Qozog’iston bunga yo’l qo’ymaydi. Lekin shunda ham vaziyat Rossiya hukumati istagandek bo’lmaydi. Negaki, katta o’yin Rossiyaning o’ziga qarshi qaratilgan, Gulmurodning ishi bu farazni tasdiqlaydi”, - deydi Saidamir.

Polkovnikning Suriyadan tarqatgan videolavhasi internetda e’lon qilinishi bilan mamlakatda barcha asosiy ijtimoiy tarmoqlar har doimgidek yoppasiga berkitib qo’yildi. Hukumatning bu harakatini Ilhom Yusupov milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan asosli deb hisoblaydi.

"O’zi u tarmoqlar internetda axlatxonaga, radikal qarovchi ekstremistlar uyasiga aylanib, yoshlar mafkurasini buzayotgan edi, men hukumatning bu harakatini quvvatlayman”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG