Breaking News

"Islomiy davlat" razvedka faoliyatini qanday olib bormoqda?


"Islomiy davlat" o'z a'zolari uchun chiqarayotgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat
"Islomiy davlat" o'z a'zolari uchun chiqarayotgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat

AQSh va xalqaro koalitsiya “Islomiy davlat” jangarilarining internetdagi faoliyatini kuzatib, ularning qayerda joylashganini aniqlayotgan va shu asosda jangarilar manzillarini havodan nishonga olayotgan bir paytda, guruh ham qarshi tomon haqida razvedka ma’lumotlari yig’ishga va shunga qarab harbiy rejalarini tuzishga urinmoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, razvedka masalasida Vashington jangarilardan ortda qolmoqda. Jangarilarni yo’q qilishda xalqaro koalitsiya ilg’or emas, deydi ular.

“Islomiy davlat”dan 60-90 kun orqadamiz”, - deydi harbiy tahlilchi Maykl Pregent.

O’tgan yili Vashington Mosulga e’tibor qaratishni boshlaganda, deydi tahlilchi, jangarilar allaqachon keyingi rejalarini tuzayotgan edi. Pregentga ko’ra, Iroq bo’ylab bunday jarayon hanuz davom etmoqda va jangarilar Bag’dodni olish niyatida.

Pentagon so’zlovchisi Patrik Rayder esa AQSh amaliyotni muvaffaqiyatli olib bormoqda, degan fikrda.

“Bir necha daqiqa ichida nishonlarni yo’q qila olishimizni ko’rsatdik”, - deydi u.

Iroq Prezidenti Fuad Ma’sumning aytishicha, jangarilar razvedkani yaxshi olib borayotgani uchun ularni mag’lub qilish qiyin.

“IShIDni yo’q qilish oson emas, chunki ular nafaqat Iroqda, balki boshqa mamlakatlarda ham yashirin tarafdorlariga ega”, - deydi u.

Pregentga ko’ra, aholi orasida jangarilarni qo’llab-quvvatlovchi shaxslar bor va ular guruhni kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlab turibdi.

“Kim bilan hamkorlik qilish mumkin, kimni qo’rqitish yoki o’g’irlash kerak, kimni majburlash lozim, Iroq xavfsizlik kuchlari nima qilmoqchi, ular qayerda, shu haqda ma’lumot yetkazib turishadi”, - deydi u.

Urush tadqiqotlari instituti tahlilchisi Harlin Gambir ma’lumotiga ko’ra, “Islomiy davlat” ichki va tashqi razvedka idoralariga ega.

“Ular Iroq xavfsizlik kuchlari haqida imkon boricha ko’proq axborot yig’ishga, harbiylarni o’g’irlab, so’roq qilish va o’ldirishga urinishlarini bilamiz”, - deydi u.

Shunday usullar bilan to’plangan ma’lumotlar asosida jangarilar keyingi hujumlarini rejalaydi.

Yana bir tahlilchi Jenifer Kafarela fikricha, guruh dezinformatsiya va aldov taktikalarini ham muvaffaqiyat bilan qo’llamoqda.

“IShID boshqa joylarda o’ziga e’tibor qaratish uchun o’z vakillarini noto’g’ri ma’lumotlar bilan ta’minlashi mumkin”, - deydi u.

Ular dushmanda noto’g’ri tasavvur uyg’otib, kutilmaganda boshqa bir joydan hujumga o’tishadi, deydi Kafarela.

Pregentga ko’ra, AQSh hududda yetarli odamlariga ega emas, shuning uchun ekstremistlar haqida to'liq va aniq ma’lumot yig'a olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG