Breaking News

Eron mintaqada kuchlar muvozanatini o'zgartirmoqchi


Falluja. Mosul. Tikrit. Ramadi. Bu shaharlar birin-ketin “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhi tomonidan zabt etildi. Iroq xavfsizlik kuchlari chekinishga majbur bo’ldi. Bunday vaziyatda Eron tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan va bir paytlar Amerika askarlariga qarshi kurashgan iroqlik shialar ekstremistlarga zarba berishga qodir yagona kuchga aylandi.

Ramadi va Tikrit uchun janglar davom etar ekan, Vashington Tehron homiylik qilayotgan Iroq qo’shinlariga havodan yordam bermoqda, vaholanki, AQSh va Eron yillar davomida ayniqsa Yaqin Sharqda bir-biriga dushman bo’lgan.

Eron AQShning do’stiga aylanmadi, albatta. Biroq Vashington Tehronni ilgarigidek yovuz kuch sifatida ko’rmayapti, deydi Brukings tadqiqotlar instituti tahlilchisi Maykl O’Hanlon.

“Ikki yovuz kuchdan kichikrog’i Eron ekanini tan olishimiz kerak. Kattasi esa hududlarni nazorat qilishga intilayotgan ID”, - deydi u.

AQSning havodan hujumlari va kurdlar kurashi samara bermoqda. Bundan tashqari, faqat Eronda trening o’tagan shia jangarilari ekstremistlarga qarshi kurashishga qodir ekani ayon bo’ldi.

Mazhablararo bo’linish

Tehron shia jangarilari qatorida Bag’doddagi shialar hukumatini ham qo’llab-quvvatlab kelmoqda. Bu esa Eronning mintaqadagi ta’sirining oshishiga olib keldi. Kuchlar muvozanati o’zgarmoqda.

Inson huquqlari faollari va tahlilchilarning ogohlantirishicha, shia jangarilar mahalliy aholi, xususan sunniylar huquqlarini toptar ekan, mamlakatda mazhablararo ziddiyat avj olmoqda.

“Haqiqiy muammo shia jangarilarini jilovlab turishning qiyinligida. Vaqt o’tgan sari ular radikallashishi mumkin. Bag’dod emas, ko’proq Tehronga quloq solayotgan guruhlarni esa nazorat qilish qiyinlashadi,” – deydi tahlilchi O’Hanlon.

Vashingtondan yana bir tahlilchi Bill Rojio fikricha, ID bilan kurashda Eron yordamiga tayanishning salbiy oqibatlari bo’lishi mumkin.

“Eron Iroq ishlariga qancha ko’p aralashsa, Islomiy davlatning ayrimlar uchun jozibasi ham shuncha oshadi. Chunki ID o’z saflariga odamlarni jalb etayotganida “ko’rayapsizlarmi, Eron Bag’doddagi shia hukumatini qo’llab-quvvatlamoqda. Bag’dod hukumati Tehronning qo’g’irchog’i. Eron biz, sunniylarni yo’q qilmoqchi”, deydi. Bunday bayonot Iroqning sunni aholisiga ma’qul kelishi mumkin,” – deydi Rojio.

Mintaqaviy ta’sir

Tahlilchilar fikricha, Eron Iroq, Suriya, Livan va Yamanda katta ta’sirga intilmoqda, chunki bu holda u AQShga va mintaqadagi sunniy davlatlarga qarshilik ko’rsata oladi.

“Eron maqsadi - Yaqin Sharqda o’z ta’sirini kuchaytirish”, - deydi Rojio.

“Rand” korporatsiyasidan ekspert Alirizo Nodirning aytishcicha, Eron mintaqadagi tartibsiziliklardan foydalanib, o’z ta’sirini kuchaytirmoqda.

“Buning sababi shundaki, eski dunyo tartibi barham topdi: nihoyatda zaif arab davlatlari, Iroq, Suriya va boshqa joylarda zaif markaziy hukumatlar. Oqibatda Eron Iroqdagi eng qudratli davlatga aylandi. Iroq siyosatida va hatto IDga qarshi harbiy strategiyada katta rol o’ynaydi”.

Eron AQSh uchun hamkor emas

ID masalasida Vashington va Tehron maqsadlari uyg’un bo’lsa-da, AQSh Eronni hamkor deb xato qilmasligi kerak, deydi tahlilchilar.

Bundan tashqari, Vashingtonning an’anaviy hamkorlari Tehron bilan aloqalar iliqlashayotganidan xavotirda.

“AQSh uchun bu munosabatlar orasidagi muvozanatni saqlab qolish juda qiyin bo’ladi, ayniqsa Saudiya Arabistoni kabi hamkorlar bildirayotgan tashvishlarni inobatga olsa”, - deydi Nodir.

O’Hanlon fikricha ham AQShning Eron bilan aloqalari yaxshilanishi imkoniyati Riyodni asabiylashtirmoqda. Ammo bu Vashington siyosatining o’zgarishiga olib kelmaydi, deydi tahlilchi.

“Biz o’z manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda siyosat yuritamiz”, - deydi u AQSh haqida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG