Iroq harbiylari Amerika qo'llab-quvvatlovida Musul shahridagi asosiy aeroportni qo'lga olgan. Hudud 2014-yildan beri "Islomiy davlat" guruhining qo'lida qolayotgan edi.
Davlat matbuotining bildirishicha, maxsus kuchlar va politsiya bugun Musul aeroportida hukmron.
Bundan tashqari, armiya aeroport yonidagi harbiy bazani ham jangarilardan qaytarib olgan.
General Raid Shakir Jaudatning aytishicha, qurolli kuchlar dronlar va og'ir artilleriya madadi bilan hududni bir necha tomondan qurshab ozod qilgan. Avvaliga biror qarshilik kuzatilmadi, deya xabar qilingan edi. Biroq oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, jangarilar va harbiylar qattiq o'q almashgan. "Islomiy davlat" guruhi dronlar yordamida bombalar yog'dirib, bir necha kishi o'zini portlatgan.
Iroq armiyasi Musulning sharqini o'tgan oy ozod qilgan, o'tgan hafta esa g'arbiy hududlarni jangarilardan qaytarib olish uchun jangga kirgan edi. "Islomiy davlat" Iroqning eng yirik shaharlaridan bo'lgan Musulni o'zining qarorgohi deb biladi.