Breaking News

Amerika "Islomiy davlat"ning moliya vazirini yo'q qildi


Mudofaa vaziri Esthon Karter, AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general Jozef Danford Kapitoliydagi tinglovda. 22-mart, 2016-yil.
Mudofaa vaziri Esthon Karter, AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general Jozef Danford Kapitoliydagi tinglovda. 22-mart, 2016-yil.

Amerika harbiy havo kuchlari "Islomiy davlat" to'dasining moliya vaziri Abdu ar-Rahmon Mustafo al-Qaduliyni yo'q qildi. U guruhning tashqi aloqalari uchun mas'ul edi, deydi Pentagon rahbari Eshton Karter.

"Biz ekstremist to'daning rahbariyatini muttasil yo'q qilib borayapmiz", - dedi Karter.

Hoji Imon deya tanilgan Qaduliy Iroq yoki Suriyada o'ldirilgani, aynan qanday qilib o'lgani haqida aniq ma'lumot berilmayapti.

Amerika mudofaa mutasaddilarining aytishicha, mazkur shaxs G'arbga hujumlarni rejalashga bosh-qosh bo'lgan.

U ajnabiy jangchilarga Bryusseldagi kabi xurujlarni sodir etish uchun moliya uzatib turgan.

Qaduliy 2012-yil boshida Iroqdagi qamoqxonadan qo'yib yuborilgan. Uning boshi uchun 7 million dollar pul va'da qilingan.

Shuningdek, Amerika kuchlari joriy haftada Iroqda "Islomiy davlat" guruhining yana bir yirik a'zosi Abu Sarani nishonga olgan. Mudofaa rasmiylarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Sara Iroqda AQSh dronlaridan o'qqa tutildi.

Eslatish kerak, boshqa bir jangari Umar al-Shishaniy yoxud Umar Chechen martda AQShning havo hujumida, kimyoviy qurollar bo'yicha mutaxassis Abu Malik esa yanvardagi hujumda o'ldirilgan.

"Jangarilar yetakchilarini qirish muhim, biroq buning o'zi yetarli emas", - deydi mudofaa vaziri.

Amerika Qurolli kuchlar bosh shtabi qo'mondoni, general Jozef Danford hozir imkoniyat biz tomonda, deydi. Lekin hali kurash oldinda va "Islomiy davlat"ni mag'lub etish uchun ko'p ishlar qilinishi kerak, deya qo'shadi u.

Qaduliyning o'limi haqidagi xabardan bir kun oldin Amerika harbiylari Iroqning Mahmur shahrida mahalliy armiya safida "Islomiy davlat" bilan o'q almashgani xabar qilingan edi.

Muxbirlarning Amerika qo'shinlari Iroqdagi harbiy amaliyotlardagi rolini oshirayaptimi, degan savoliga Karter va Danford Mahmurdagi operatsiya AQSh askarlari rolida biror o'zgarishni anglatmaydi, dedi.

Amerika harbiylari Iroq qo'shinlarini qo'llab-quvvatlash, mashqdan o'tkazish kabi vazifalar bilan shug'ullanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG