Londonda joylashgan Radikalizmni o'rganish xalqaro markazi hisob-kitobiga ko'ra, "Islomiy davlat" terror guruhi moliyaviy jar yoqasida. Uning daromad manbalari tugab bormoqda, deydi tahlilchilar.
"Islomiy davlat" tarixdagi eng boy terrorchi tashkilot hisoblanadi. Ammo bu to'la haqiqat emas, deydi tahlilchi Piter Nyumen.
"IShID nafaqat terrorchi tashkilot, balki davlat ko'rinishiga, o'z hududi va aholisiga ega. Daromadining aksariyati shu hududlardan. Odamlarga soliq soladi, neft sotadi, qochgan odamlarning mol-mulkini ham egallab oladi", - deydi u.
Daromadi qo'l ostidagi hududlariga bog'liq bo'lgani uchun guruh borgan sari zaiflashib bormoqda. 66 davlatdan iborat xalqaro koalitsiya ma'lumotiga ko'ra, 2014-yildan beri guruh Iroqda 62 foiz, Suriyada esa 30 foiz hududini boy bergan.
Yaqinda Iroq kuchlari AQSh yordamida Musulning sharqiy qismini egalladi. Tez orada shaharning g'arbiy hududini ham qo'lga kiritilishi kutilyapti.
"Agar IShID xalifalikning tijoriy markazi bo'lgan Musulni boy bersa, ko'plab soliq manbalaridan ayriladi. Shu bois bizning xulosamiz shuki, IShIDning biznes modeli tanazzulga yuz tutmoqda. Ortiq o'zini tutib tura olmaydi", - deydi Nyumen.
Ammo guruh haqida aniq xulosa qilish qiyin. Oldi-berdini, asosan, qora bozorda amalga oshiradi. Hujjatlar yo'q.
Ammo mavjud dalillarga ko'ra, IShIDning daromadi 2014-yil 1,9 milliard dollardan o'tgan yili 870 million dollarga tushgan.
Guruhning boshqa daromad manbalarini topgani haqida ma'lumot yo'q.
"Mening taxminim shuki, maydoni torayib borar ekan, IShID o'z hududiga ega bo'lishdan avvalgi ishlash uslubiga - kontrabanda va jinoiy yulg'ichlikka o'tadi", - deydi Nyumen.
Ammo, deydi tahlilchi, daromadning kamayishi guruhning o'z hududidan tashqarida terror xurujlarini amalga oshirish imkoniyati ozayadi, degani emas.