Fransiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznevning aytishicha, razvedka xizmati Suriyada AQSh fuqarosi Abdul-Rahmon Kassigning qatlini ijro etgan jangarilar orasida Fransiya fuqarosini tanidi.
Uning 22 yashar Maksim Oshar ekani ma'lum. U Mavritaniya ma'lum muddat yashab, so'ng Suriyaga ketgani aytilmoqda. Videoda tasvirlangan 16 jangari orasida yana bir Fransiya fuqarosi bo'lishi mumkin, deydi bu mamlakat razvedka xizmati.
Iroqda harbiy xizmatdan o'tgan Kassig insonparvarlik ishlari bilan shug'ullanayotib, 13 oy oldin Suriyada o'g'irlangan edi.
AQSh Prezidenti Barak Obama uning qatl etilganini qoralab, yovuzlik deb atadi. Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeygelning muxbirlarga aytishicha, sobiq harbiy Kassig fidoiy inson bo'lgan, boshqalarga yordam qo'lini cho'zib, o'z hayotidan ayrildi.
"Islomiy davlat"ni albatta yengamiz, deydi vazir.
"Hech kim bunday noinsoniy, yovuz jamiyatda yashashni istamaydi. Har birimiz inson sifatida buning oldini olishga harakat qilishimiz zarur. Bu qiyin masala, ammo uni uddalaymiz", - dedi Xeygel.
Shu kungacha jihodchilar garovdagi besh g'arblikni qatl etgan. Shulardan ikkisi Britaniya, uch nafari esa AQSh fuqarosi.
Kassigning oilasi ommaviy axborot vositalaridan uning qatli tasvirlangan videoni ommaga ko'rsatmaslikni so'rab, bu jangarilarga qo'l kelishini tushuntirib berdi. Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron ham voqeani qoralagan.
AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi shanba kuni Bag'dodda bo'lib, Bosh vazir Haydar Abadiy bilan uchrashdi, AQSh qo'mondonlari va askarlari bilan muloqot qilib,
"Islomiy davlat"ga qarshi tayyorgarliklar qanday ketayotgani bilan qiziqdi, mamlakatdagi vaziyat bilan tanishdi.
Prezident Barak Obama Iroqqa qo'shimcha bir yarim ming askar yo'llashni buyurgan. Ular janglarda qatnashmaydi. Pentagonning bildirishicha, AQSh harbiylari 12 ta brigadani tayyorlashni ko'zlamoqda. Shulardan to'qqiztasi Iroq xavfsizlik kuchlaridan, uchtasi esa kurd qurollangan kuchlaridan iborat bo'ladi.