Breaking News
Din

Musulmon ulamolar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirmoqda


Misrlik taniqli ulamo Yusuf Qarzoviy
Misrlik taniqli ulamo Yusuf Qarzoviy

Iroq askarlari Tikrit shahrini "Islomiy davlat"dan tortib olish amaliyotini boshlar ekan, dunyo bo'ylab musulmon ulamolari ham jangari guruh ideologiyasiga qarshi kurash boshladi. G'oyaviy kurashda guruh e'tiqodidagi buzuq nuqtalarni fosh etishga hamda diniy bag'rikenglikka ko'proq e'tibor qaratilmoqda.

Tikrit shahri o'tgan yilning iyunidan beri jangarilar nazoratida. Iroq harbiylarining aytishicha, shaharni qayta egallash amaliyoti muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bag'doddan 150 km. shimolda joylashgan shahar Iroqning sobiq rahbari Saddam Husayn tug'ilib o'sgan joy hisoblanadi hamda mamlakatning ikkinchi eng katta shahri Mosulga boradigan yo'lda joylashgan.

Mosul ham hozir jangarilar qo'lida. Tikritni ozod etish amaliyotlari avval ham o'tkazilgan, ammo ular muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Rasmiylarga ko'ra, hozir Iroq kuchlari shahar markaziga yaqinlashib qolgan.

Yakshanba kuni Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy jangarilarni hujum haqida ogohlantirib, ularga so'nggi bor imkon berdi. Agar qurolingizni tashlab, taslim bo'lsangiz, hukumat sizni kechiradi, dedi u.

Shu kuni Misr poytaxti Qohirada butun dunyodan yuzlab ulamo yig'ilib, "Islomiy davlat"ga qarshi ta'lim va g'oya bilan kurash olib borish masalasini muhokama qildi.

Diniy rahnamolar maktablarda o'qitilayotgan islomiy kitoblarni qayta ko'rikdan o'tkazib, bugungi zamon uchun eskirgan masalalarni ulardan chiqarib tashlash masalasini ko'tardi.

Terrorga qarshi harakatlarni kuchaytirish uchun yoshlar orasida ta'lim kampaniyalarini ko'paytirish kerak, deyiladi yig'in bayonotida.

"Islomiy davlat" guruhi internet va o'z ommaviy axborot vositalari orqali targ'ibotga zo'r bermoqda. Ingliz tilida yuqori sifatli qog'ozda jurnal chop etib, shuningdek, Gollivud uslubida olingan videolarida o'z qonxo'rliklarini ovoza qilmoqda.

Islomiy ilm yetakchisi sifatida ko'riladigan Misrning Al-Azhar universiteti o'tgan oy "Islomiy davlat" guruhini qoralovchi fatvo chiqarib, musulmonlar orasida birdamlikni kuchaytiruvchi ta'lim islohotini o'tkazishga chaqirgan edi.

Al-Azharning da'vat markazi rahbari shayx Abdulaziz al-Nagarning aytishicha, da'vatchilar Islomning bag'rikeng din ekaniga e'tibor qaratib, ekstremistik mafkuralar tarixni noto'g'ri talqin qilganini tushuntirishlari kerak.

"Ular o'tmishdagi kontekstni bugunga ko'chirmoqchi bo'lyapti, - deydi ulamo. - Go'yoki tarix bir joyda qotib qoladigandek. Aslida esa unday emas".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG