Suriyaning Turkiya bilan chegara yaqinidagi Kobani shahrida bugun ham qaqshatqich janglar davom etayapti. "Islomiy davlat" jangarilari mana uch haftadirki hududda to'liq nazorat o'rnatishga urinayapti.
Guvohlarning aytishicha, jangarilar aholisi asosan kurdlardan iborat Kobani shahriga o'q yog'dirar ekan, kurd jangchilari ularni to'xtatishga harakat qilmoqda.
BMTning Suriya bo'yicha elchisi Staffan de Mistura so'zlariga qaraganda, shaharda qariyb 500 nafar tinch fuqaro qamalda va Kobani jangagilar qo'liga tushsa, bu odamlar qatl etilishi mumkin.
Amerika boshliq koalitsiya bu orada hududda "Islomiy davlat" manzillarini havodan o'qqa tutayapti.
AQSh harbiylarining so'zlariga ko'ra, shaharning katta qismi hamon kurd jangchilari qo'lida va ular "Islomiy davlat" guruhiga qarshi zarba berishni uddalayapti.
Kobani shahar mudofaa mutasaddisi Ismat Hasan "Amerika Ovozi" bilan suhbatda jangarilarga Suriyaning Halab va Raqqa kabi shaharlaridan madad yetib kelayapti, deydi.
Uning aytishicha, shahardagi harbiy bo'linmalarga og'ir qurol-aslaha zarur. Qo'shma Shtatlar tank, artilleriya kabi aslahani yetkazsa hamda "Islomiy davlat"ni havodan urishda davom etsa, jangarilarni yer tishlatishimiz aniq, deydi u.
Kobanining aksariyat aholisi urushdan qochib Turkiyada jon saqlayapti. Kurd jangchilari esa shahar mudofaasiga turib, xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ragan.
AQSh va NATO mulozimlari kecha Anqarada uchrashib, Turkiyani "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaga bosh qo'shishga ko'ndirishga uringan.
Turkiya parlamenti Suriya va Iroqdagi harbiy amaliyotlarga oq fotiha bergan, lekin Turkiya armiyasi jangarilarga zarba berganicha yo'q.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, jangarilar Suriya, Iroq, Turkiya va NATO a'zolari uchun birday tahdid solayapti. Shunday ekan, jahon hamjamiyati bu kurashda birga harakat qilishi muhim.