Isroil G’azo Sektoriga qo’shin kiritib, HAMAS ga qarshi amaliyotini kuchaytirmoqda. Rasmiylarga ko’ra, maxsus kuchlar snaryad otilayotgan joylarni nishonga olgan. Falastinliklar bilan otishmada to’rt yahudiy zobiti yaralangan.
Isroil G’azoni havodan ham o’qqa tutib kelmoqda. Xalqaro hamjamiyat undan amaliyotni to’xtatishni talab qilmoqda, biroq yahudiy davlati bu chaqiriqlarga quloq solgani yo’q.
Hujumlar natijasida minglab odamlar G’azoni tark etishga majbur. Ko’plar janubga qochmoqda. Xorijliklar va qo’sh fuqaroligi bor falastinliklar sektorni tashlab chiqqan.
Shanba tunda Isroil havo hujumida G’azo politsiya boshlig’ining uyi vayron bo’lgan, jami 18 odam nobud bo’lgan. Yaqin atrofdagi masjid zarar ko’rgan, yaradorlar bor.
Isroil masjidda qurol saqlanganini aytmoqda. Yana bir raketa nogironlar markaziga tekkan.
Falastin rasmiylariga ko’ra, Isroil hujumlari oqibatida 150 dan ziyod odam o’lgan. Isroil HAMAS ni nishonga olayotganini aytsa-da, qurbonlarning aksariyati tinch aholi.
HAMAS ham Isroilni snaryadlar bilan nishonga olishda davom etmoqda, ammo shu kungacha biror odam nobud bo’lmagan.
BMT Xavfsizlik Kengashi tomonlarni hujumlarni to’xtatishga va 2012-yilda Misr vositachiligida erishilgan sulhga amal qilishga chaqirdi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eronni G’azo Sektorida HAMAS jangarilarini mablag’ va qurol bilan ta’minlayotganlikda ayblamoqda.