Isroilning G’azo Sektoriga qarshi hujumlari davom etar ekan, bugun kamida 100 falastinlik nobud bo’lgan. 8-iyuldan beri sektorda 1100 dan ziyod odam o’lgan.
Isroil HAMAS jangarilarini nishonga olyapmiz deyishiga qaramay, qurbonlarning aksariyati oddiy odamlar.
Bugun sektor havodan va tanklardan nishonga olingan. Raketalardan biri G’azodagi yagona elektrostansiyaga tegib, uni ishdan chiqargan. Hujumgacha aholi elektr quvvati bilan kuniga uch soatgacha ta’minlanar edi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, HAMAS ga qarshi kampaniya cho’zilishi mumkin.
"Bizni oldinda og’ir kunlar kutmoqda. Sabr qilishimiz kerak. Qotil terror tashkilotiga qarshi kurashni davom ettirishga tayyor turishimiz kerak", - dedi Netanyaxu.
Unga ko’ra, HAMAS qurollari va jangarilari o’tayotgan tunellar tarmog’i yo’q qilinmaguncha, amaliyot to’xtatilmaydi.
Bugun Isroil besh askarini yo’qotgan. Jami amaliyotda 53 zobiti nobud bo’lgan.
Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy Isroilni g’azoliklar qatliomida ayblab, islom dunyosini Falastin xalqini qurollantirishga chaqirmoqda.
Mintaqaga borgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni mas’uliyatsizlikda ayblab, Isroil va Falastin rahbarlarini otishmani to’xtatishga da’vat etdi.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Isroil va HAMAS ni sulh qilishga chaqiryapti, ammo Isroil matbuoti uning harakatlarini tanqid qilib, sulh shartlari HAMAS foydasiga ekanini aytmoqda.
Falastin ozodlik tashkiloti bosh kotibi Yosur Obid Rabboning aytishicha, falastinliklar 24 soatlik sulhga tayyor. Rabbo BMT taklif etayotgan 72 soatlik sulh rejasini ham qo'llab-quvvatlaymiz, demoqda. HAMAS bu borada fikr bildirmagan.