Isroil armiyasi G’azoni havodan va tanklardan o’qqa tutishda davom etmoqda. HAMAS ham Isroilga qarshi raketa hujumlarini to’xtatgani yo’q.
Falastin rasmiylariga ko’ra, Isroilning bugungi hujumlarida kamida 20 falastinlik nobud bo’lgan. 8-iyuldan beri esa 718 odam o’lgan. Isroil 32 askarini yo’qotgan. Xususan, G'azo Sektorining Bayt Hanun shahrida BMT maktabi joylashgan binoga Isroil raketasi tekkan. Kamida 15 odam o'lgan. Isroil HAMAS ni Bayt Hanunda fuqaro obyektlaridan jonli qalqon sifatida foydlanayotganlikda ayblamoqda.
HAMAS raketalari Isroil havo mudofaasi tizimi tomonidan urib tushirilmoqda.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Qohirada sulh rejasi ustida ishlamoqda. Kecha u Isroil, Falastin va BMT rahbarlari bilan uchrashgan. Bu uchrashuvlardan so’ng Kerri izoh bermagan, ammo olg’a siljish bor, degan.
Bu o'rtada AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi Amerika samolyotlarining Isroilning Ben Gurion xalqaro aeroportiga qo’nish haqidagi taqiqini bekor qildi.
Seshanba kuni HAMAS ning G’azodan turib Tel-Aviv tomon otgan raketalaridan biri aeroport yaqinida portlagach, boshqarma barcha parvozlarni man qilgan edi. Isroil xavfsizlik choralarini ko’rgach va vaziyat biroz o’zgargach, taqiq bekor qilindi.
Federal aviatsiya boshqarmasi vaziyatni kuzatishda davom etishini bildirgan.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarfning aytishicha, HAMAS raketalari Ben Gurion aeroportigacha yeta oladi, ammo ularda nishonga aniq ola bilish salohiyati zaif.
Isroil har ehtimolga qarshi Tel-Avivdagi kichikroq Ovda aeroportini ochib, Amerika samolyotlari uchun moslashtirilishini aytgan. Ovda asosan harbiy samolyotlarga mo’ljallangan.