Breaking News

Erdog’an Isroilni qoralar ekan, AQSh norozi


Turkiya bosh vaziri so’nggi payt AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini, xususan Suriya va Arab-Isroil mojarolari bo’yicha tutgan pozitsiyasini keskin tanqid qilayapti.

Erdog’anning tanqidlari Amerika bilan orani buzdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:47 0:00
Yuklab oling

Istanbuldagi muxbirimiz Dorian Jounsning hikoya qilishicha, islomiy ekstremizmga qarshi kurashda Anqara va Vashingtonning hamkorligi o’ta muhim bir paytda aloqalar sovuqlashgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Isroilni G’azoga bostirib kirgani uchun Gitlerga taqqoslagani AQSh noroziligini yanada kuchaytirdi.

“Milliyet” gazetasi sharhlovchisi Asli Oydintoshboshga ko’ra, Turkiyada o’tgan yilgi namoyishlar bostirilganidan beri Erdog’anning prezident Barak Obama bilan so’zi ayri.

“Bosh vazirning Isroilni natsistlar bilan tenglashtirgan bayonotlari AQShga ma’qul emas”, - deydi Oydintoshbosh. Uning kuzatishicha, Oq uy hozirda Erdog’an bilan aloqa qilmaslikka qaror qilgan. 2011-2012-yillarda ikki davlat rahbarlari deyarli har oy gaplashib turishardi.

Yaqinda matbuotga bergan intervyusida Erdog’an AQSh prezidenti bilan aloqasi uzilganini tan oldi. “Amerikaning menga nisbatan tanqidlari o’rinsiz. Isroilni har qanday vaziyatda himoya qiladigan bu davlat avval o’ziga boqsin”, -deydi u.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, xalqaro sahnada xunuk, haqoratomuz izohlarga o’rin yo’q.

“Turkiya bu bilan faqat o’zining obro’yini to’kadi, voqealarga ta’sir etish qobiliyatini yo’qotadi”, - deydi departament rasmiysi Mari Xarf Isroilga qarata aytilgan gaplarga ishora qilib.

Qayd etish joiz, NATO a’zosi bo’lmish Turkiya Eron, Iroq va Suriya bilan chegaradosh va AQSh uchun muhim ittifoqchi ekaniga shubha yo’q. Diplomatlar darajasida hamkorlik davom etmoqda.

“Mintaqaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun Turkiya Amerikaga kerak. Hozir Iroq notinch, Injirlik shahridagi harbiy bazasining ahamiyati katta”, - deydi “Milliyet” gazetasi sharhlovchisi.

So’nggi payt AQSh va Yevropa davlatlaridan fuqarolar Iroq va Suriyaga borib, jihodchi guruhlarga qo’shilgani haqida xabarlar tarqalgan. Bu xavfni bartaraf etishda ham Turkiyaning hamkorligi zarur.

Mintaqashunos olim Sinan Ulgen Rajab Toyib Erdog’anning Isroil va Amerikaga nisbatan tanqidlarini saylov kampaniyasi bilan izohlaydi. Turkiyada 10-avgustda prezident saylovlari.

“Agar Erdog’an g’alaba qilsa, albatta xalqaro sahnadagi imidjini yaxshilashga harakat qiladi. Buning uchun imkoniyat bor”, - deydi Ulgen. Turkiyaning strategik ahamiyati bosh vazirga qo’l keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG