Isroil G’azo sektorida hukmron Xamas guruhi bilan mahbus almashib bo’ldi. Kecha 550 falastinlik yahudiy qamoqxonalaridan ozod etilib, yaqinlari bag’riga qaytgan.
G’azo sektori va Iordan daryosining G’arbiy sohilida tantanalar davom etmoqda. Falastinliklarning aytishicha, mahbuslar almashilgani – ijobiy qadam.
“Biz o’z davlatimiz, ular o’z davlatiga ega bo’lsa, tinch yashay olamiz”,- deydi arab onaxonlardan biri.
Ikki oy oldin Xamas va Isroil orasida erishilgan kelishuvga ko’ra, yahudiy davlati 1027 arab mahbusini, narigi tomon esa 1 askarni, 5 yildan beri hibsda o’tirgan Gilad Shalitni qaytarishi kerak edi. Oktabr oyida 477 falastinlik qamoqdan chiqqan bo’lsa, endi yana 550 nafari qo’yib yuborildi.
Isroil siyosiy doiralarida bu yangilik u qadar ijobiy qabul qilinmagan. Xamasga qaytarilgan odamlar orasida xavfli terroristlar bor, deydi Isroildan tahlilchi Dan Shuftan.
“Isroil uchun bu tarixiy mag’lubiyat. Hukumatimiz terrorizm avj olishi uchun sharoit yaratib berdi. Juda qimmatga tushadi bu qaror”, - deydi u.
Ommaviy so’rovlarda Isroil ahlining aksariyati mahbuslar almashilganini olqishlagan.