BMT Xavfsizlik Kengashining yangi a’zolar bilan shug’ullanuvchi qo’mitasi Falastin davlatchiligi masalasida bir to’xtamga kela olmagan. Bugun qo’mita bu haqda bayonot berdi.
Falastin BMTga a’zo bo’lib kirish uchun sentabr oyida ariza topshirgan edi. Masala ovozga qo’yilishi uchun Xavfsizlik Kengashiga a’zo 15 mamlakatdan to’qqiztasi uni yoqlashi zarur.
Ammo Falastin kerakli ovozlarni to’plagan taqdirda ham Qo’shma Shtatlar unga veto qo’yishi aniq.
AQSh va boshqa davlatlar nazarida Falastin oldida Isroil bilan muloqotdan boshqa yo’l yo’q. Tinchlik muzokaralari bir yilcha oldin to’xtab qolgan edi.
Isroil mahallalarini kengaytirishda davom etayotgani bizni boshqa chora izlashga majbur qildi, deydi falastinliklar.
Bu orada, YUNESKO (UNESCO), BMTning ilm-fan, ta'lim va madaniyat bo'yicha agentligi yangi dasturlarni kesishga majbur.
YUNESKO Falastinni to'laqonli a'zo sifatida qabul qilgani sabab AQSh moliyaviy yordamini to’xtatib qo’ygan.
“2011-yil byudjetimizda 65 million dollar yetishmayapti”, - deydi agentlik direktori Irina Bokova.