Breaking News

Yaponiya mudofaa uchun 230 milliard dollar ajratadi


Yaponiya bahsli hududlar yuzasidan kuchayib borayotgan Xitoy da’volariga javoban harbiy mudofaa salohiyatini kuchaytirishga bel bog’ladi. Bu qaror Xitoyning havo mudofaasi chegaralarini kengaytirish haqida bergan e’loni ortidan yangramoqda.

Yaponiya mudofaasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00
Yuklab oling
Yaponiyada mudofaa xarajatlarining oshirilishi uzoq yillardan beri ilk bor kuzatilmoqda. Tokio, shuningdek, Xitoyning ehtimoliy tahdidiga qarshi milliy xavfsizlik rejasini ham ishlab chiqdi.

Xavfdan erta ogoh etuvchi moslamalar, qiruvchi samolyotlar, razvedka dronlari va boshqa harbiy texnika sotib olish uchun besh yil davomida 230 milliard dollar sarflash ko’zda tutilgan.

Mamlakatning mudofaa siyosatini boshqaruvchi Milliy xavfsizlik kengashi bunyod etilganidan beri Yaponiya birinchi marta milliy xavfsizlik strategiyasini e’lon qilmoqda.
Yangi mudofaa siyosatida Yaponiyaning janubi-g’arbiy hududlariga alohida e’tibor beriladi. Bu yerda Xitoy Yaponiyaning Senkaku orollariga ko’z tikkan.

Xitoy ochiq tahdid qilishga o’tgan taqdirda himoyaga tayyor turish uchun Tokio mudofaa strategiyasiga o’zgartirish kiritgani aytilmoqda. Mamlakat Ikkinchi jahon urushidan beri tinchlikparvar harbiy siyosat qo’llab kelgan. Yangi o’zgarishlarga Bosh vazir Shinzo Abe rahbarlik qilmoqda.

“Milliy xavfsizlikka oid strategiyamiz Yaponiyaning diplomatiya va xavfsizlik bo’yicha yuritadigan siyosatini xalqimiz va xalqaro hamjamiyatga ochiq-oydin ko’rsatib beradi”, - deydi u.

Abening aytishicha, Tokio faol tinchlik siyosati yuritib, xalqaro tinchlik va barqarorlikka yanada ko’proq hissa qo’shadi.

“Kiodo” axborot agentligi xabariga ko’ra, yangi reja doirasida Yaponiya AQSh bilan mudofaa aloqalarini kuchaytirib, xorijdagi missiyalarda ham tinchlikparvar kuch sifatida faol ishtirok etadi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Yaponiya istilosidan aziyat chekkan qo’shni davlatlar Abening yangi siyosatidan xavotirda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni Yaponiya mudofaa siyosatini qoralab chiqdi. Vazirlik so’zlovchisi Xua Chunyinning aytishicha, Yaponiya tarixdan saboq olib, tinchlik haqidagi quruq gaplardan aniq harakatlarga o’tishi kerak.

“Yaponiyaning harbiy sohaga e’tiborni oshirishi minataqa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Xitoy rasmiysi.

Tarixdan qolgan dushmanlik kayfiyati, qolaversa, orollar ustidagi tortishuv Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy o’rtasiga sovuqlik solgan.

O’z navbatida Pekinning havo mudofaasi chegaralarini kengaytirgani Vashington, Tokio va Seulning keskin noroziligiga sabab bo’ldi.

Yaponiyadagi Templ universiteti professori Jef Kingstonning aytishicha, Xitoyning havo mudofaasini kuchaytirishi AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreyani bir-biriga yanada yaqinlashtirdi.

“Seulning orollar bo’yicha olg’a surgan da’volariga Yaponiyaning e’tirozi u qadar katta bo’lmadi. Koreya-Yaponiya aloqalarining iliqlashuvi ehtimoli hali ancha kam bo’lsa-da, o’tgan yildan beri ro’y berayotgan o’zgarishlar ijobiy natijalarga umidni oshiradi”, - deydi tadqiqotchi.

Yaponiyaning milliy xavfsizlik strategiyasida Shimoliy Koreyaning yadro quroli xavfi ham nazarda tutilgan. Bu maqsadda raketaga qarshi ikkita “Agida” mudofaa tizimi sotib olinadi.

Yaponiyaning o’zida harbiy qurollar ishlab chiqarish ham rejalashtirilmoqda. Tokioning qurol eksport qilishiga qo’yilgan 40 yillik taqiq o’tgan yili yakuniga yetgan edi. Ammo mamlakatda mudofaa sanoatini rivojlantirish masalasiga hanuz ehtiyotkorlik bilan yondashiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG