Breaking News

Yaponiya va Xitoy o’rtasida talash orollar


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Osiyo davlatlari bo’ylab safarini boshladi. Asosiy e’tibor Xitoyning mintaqada oshib borayotgan ta’siriga qaratilishi kutilmoqda.

Klinton olti mamlakatda to’xtab, Tinch okeanidagi davlatlar forumida qatnashadi. Bu orada Xitoy va Yaponiya aloqalari sovuqlashmoqda. Sabab – Sharqiy Xitoy dengizida joylashgan talash orollar. Mojaro Klinton safari davomida ko’tarilishi kutilmoqda.

Yaponiyada Senkaku, Xitoyda esa Diaoyu deb nomlanadigan orollar ustida tortishuv jiddiy tus olmoqda. Ham Tokio, ham Pekin maqsadi – hududda baliqchilik manbalari hamda gaz-neft depozitlari sohibi bo’lish.

Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidagi mag’lubiyati sanasi yaqinlashgan sari ziddiyat yaqqolroq ko’zga tashlanishi tabiiy, deydi Vashingtondagi Kato instituti tahlilchisi Jastin Logan:

“Senkaku og’ir xotiralar bilan bo’gliq”, - deydi olim.

Urushda eng qonli janglardan biri ana shu atrofda ro’y bergan. Mag’lubiyatdan keyin Yaponiya o’ziniki deb bilgan orollardan kechgan, biroq 1971-yilda AQSh bilan bitim asosida hudud uzra nazoratni yana qo’lga olgan. Xitoy esa bu manzillar qadimdan unga qarashli ekanini da’vo qilmoqda. Rasmiy Tokio deydiki, kommunist davlat orollarda neft borligi aytilganidan beri, ya’ni 1970-yillardan beri unga ega chiqmoqchi bo’lib keladi.

Yaponiya AQSh bilan mushtarak mudofaa bitimini imzolagan. Hujjatda orollar ham tilga olinadi. Biroq Vashington mojaroga aralashmaslikka harakat qilmoqda.

AQSh Davlat deparamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland:

“Orollar yuzasidan hech bir tarafni qo’llamaymiz. Ayni vaqtda bu hudud bitimda tilga olinishini qayd etishimiz kerak”.

Har ikkala mamlakatda vaziyat ham hozirda ancha og’ir. Xitoyda Kommunistlar partiyasi rahbariyatining o’zgarishi kutilmoqda. Yaponiyada esa bosh vazirni tanqid qilayotganlar ko’paygan.

Yaqinda Pekinda norozilik namoyishlari chog’ida namoyishchilar Yaponiya elchisi mashinasidagi bayroqni yulib olgan. Bunga javoban Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Koichiro Gemba tergov o’tkazishni talab qildi.

“Elchilar xavfsizligi va bemalol qatnash huquqi himoyalanishi kerak. Biz hodisa yuzasidan jiddiy norozilik billdiramiz”.

Yaponiya va Xitoy o'rtasida talash orollar/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00
Yuklab oling


Xitoy davlat televideniyesida o’qib eshittirilgan bayonotda voqea puxta o’rganilayotgani aytildi.

“Diplomatik aloqalar haqidagi Vena konvensiyasiga to’liq amal qilib kelamiz. Hujjat elchixonalar va ular xodimlarini himoya qilishni taqozo etadi”, - deyiladi bayonotda.

Taraflarning murosa haqida eshitgisi ham yo’q.

Shunday ekan, tahlilchi Jastin Loganning fikricha, masala Rossiyada bo’lib o’tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida bosh mavzuga aylanishi aniq:

AQSh bosh diplomati Xillari Klinton sammitda qatnashishdan oldin Yangi Zelandiya, Indoneziya, Bruney, Sharqiy Timor va Xitoyga boradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG