Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan O'zbekiston shou-biznesida qanday o'zgarishlar kuzatilmoqda? Bugungi san'at va madaniy hayot qanday?
Shov-shuv.uz sayti asoschisi, yulduzlar faoliyatini yoritib tanilgan jurnalist Jasur Hamroyev shu kunlarda Amerikada. Shtatma-shtat kezib, vatandoshlar bilan muloqotda.
Vashingtonda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, u yangi kitob ustida ishlamoqda. Qahramonlar - xorijda o'z yo'lini topgan, o'z yo'lida dunyoni o'zgartirishga bel bog'lagan o'zbekistonliklar.
Bundan muddao nima? O'zbekiston ahli o'z farzandlarining yutuqlari, fikr-qarashlarini bilishni xohlaydi, deydi ijodkor.
"Xalqimiz o'z darg'alari, xususan sevimli artistlari Sherali Jo'rayev va Yulduz Usmonova katta sahnaga qaytganidan xursand va minnatdor", - deydi Jasur Hamroyev.
Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vaziri o'rinbosari lavozimida ekan, bu sohada o'zgarishlar qilishga harakat qilmoqda, lekin baho berishga hozircha erta, deydi jurnalist.
Uning tahlilicha, o'zbek musiqa olamida yangicha ijod ko'zga tashlanmaydi. Rang-baranglik, serqirralik yetishmaydi.
Rep janri mamlakatda hali ham tirikmi? Jasur Hamroyevdan bu savolimizga ham javob oldik. Videoni tomosha qilib, bilib olasiz.
Jurnalist ijtimoiy tarmoqlardagi jonli strimlari bilan ham jamoatchilik ko'ziga tushgan. Bu safar u "Amerika Ovozi" jurnalisti bilan muloqot qildi.
Facebook Forum