Breaking News

Johar Dudayev xalqaro batalyonida o'zbeklar ham bor


Johar Dudayev batalyoni a'zolari
Johar Dudayev batalyoni a'zolari

Ukraina sharqida Johar Dudayev xalqaro batalyoni jang qilmoqda. Uning qo’mondoni brigadachi general Isa Munayev “Amerika ovozi” bilan suhbatda ko’p millatli ko’ngillilar “Rossiya okkupatsiyasi” ga qarshi kurashayotganini aytdi.

Bu guruhda ko’ngilli xizmat qilayotgan o’zbeklardan biri o'zini Yo'lchi deb tanishtiradi. “Ukraina xalqi, noni-tuzi va hurmati uchun uning ozodligini himoya qilayapman”, - deydi u.

Ukraina sharqi - Johar Dudayev batalyoni - O'zbek jangchi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00
Yuklab oling

Batalyon ayni damda Donetsk viloyatida jang qilmoqda. Munayev Checheniston mustaqilligi uchun Rossiyaga qarshi urushgan harbiy lider sifatida tanilgan.

Donbassdagi amaliyotlarga qo’shilishidan oldin bu guruh a'zolari harbiy tayyorgarlikdan o’tgan, safiga ko’plab ko’ngillilar qo'shilgan.

Isa Munayev “Amerika ovozi” bilan suhbatda xalqaro batalyon maqsadi, tarkibi va missiyasi haqida shunday deydi:

“Bu batalyon ancha avval Ukraina xalqiga ko'mak berish, Ukraina ozodligini himoya qilish uchun Daniyada tuzulgan edi. Asosiy tarkibi chechenlardan iborat. Biz Rossiyaning urushda qanday qing’irliklarga borishini yaxshi bilamiz. Bunga o’z tajribamizda bir necha bor to’qnash kelganmiz. Batalyon internatsional, tinchlikparvar guruh degan maqomga ega. Bizning safimizda ukrainlar, tatarlar, litovlar, latishlar, o‘zbeklar, hatto ispanlar va fransuzlar ham bor. Xullas ko’p millatli xalqaro batalyon... Ularning hammasini Rossiya okkupatsiyasiga qarshi nafrat birlashtirib turadi. Ular bilishadiki, Rossiya bugun Ukarainada to‘xtatilmasa, ertaga boshqa hududlarga ham jang solishi tayin“.

Munayev fikricha, Ukrainadan keyin Rossiya bosqini birinchi navbatda Boltiq bo‘yi mamlakatlariga, keyin Moldova, so’ngra esa Qozog‘iston va O’zbekistonga va butun mintaqaga ko‘chishi haqiqatga juda yaqin turibdi.

Yo’lchi ismli suhbatdoshimiz esa Ukrainaga mehri balandligini, Maydondagi inqilobga shohid bo’lganini aytadi.

“Ukraina xalqining tinchligini saqlash, shu xalqni himoya qilish uchun shu batalyonga qo’shildim. Nega deganda men uch yildan buyon shu yerning non-tuzini yedim, ishladim, bola-chaqamni boqdim. Boshiga og’ir kun tushgan ekan, men yordamga keldim. Men Ukraina harbiy kommissariatiga ham borgan edim, lekin mamlakat fuqarosi bo’lmaganim uchun xizmatga olishmadi. Shundan keyin o’z xohishim bilan, Ukrainani himoya qilish uchun shu batalyonga xizmatga keldim. Ukraina xalqi menga yoqadi. Yomon so’zli, yomon ko’zli emas, boshiga musibat tushgan ekan, yordam berish kerak. Ukrainada non yeb, tuz yeb, shuning salomini berayapman. Agar mening xalqimning boshiga bir musibat tushsa, Ukraina xalqi ham albatta boradi”, - deydi Yo’lchi.

Isa Munayev, Johar Dudayev batalyoni qo'mondoni
Isa Munayev, Johar Dudayev batalyoni qo'mondoni

Tinchlik bitimi imzolanganiga qaramasdan otishmalar to’xtagani yo’q, Rossiya tomoni bunday niyatda ham emas.

“Biz o’z mustaqilligimiz uchun Rossiya bilan urushga kirishar ekanmiz, butun dunyo terrorchilar va banditlar sifatida talqin qildi. Faqat Ukraina xalqi yordam qo’lini cho’zdi, hozir biz shu qarzni qaytarmoqdamiz. Bugun Ukraina uchun jang qilish Checheniston, Boltiq davlatlari mustaqilligi uchun jang qilishni anglatadi”, - deydi Isa Munayev. Ta’kidlash joiz, Donbass va Luganskdagi ayirmachilar safida prezident Ramzan Qodirovga qarashli yollanma chechenlar urushayotgani haqidagi ma’lumotlar bor. Ular orasida ham o’zbeklar yurgani taxmin qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG