Breaking News

AQShning matbuot erkinligi bo'yicha bugungi pozitsiyasi mavhum


Jurnalist Jamol Xoshuqji Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligiga kirib, qaytib chiqmagan. Uning binoda o’ldirilgani va jasadi olib chiqib ketilgani da’vo qilinmoqda. Xoshuqjining g’oyib bo’lishi matbuot erkinligi va jurnalistlar xavfsizligi masalasiga e’tiborni oshirdi.

Saudiyalik jurnalistning diplomatik idorada ehtimol o’ldirilgani butun dunyoni larzaga soldi, tergov ketyapti.

AQSh gazetalarida maqolalari bosilgan Jamol Xoshuqjining Saudiya konsulligiga kirganini bilamiz, ammo u yerdan chiqmagan.

Xoshuqjining hamkasbi Jeyson Rizoyan 1,5 yil Eron qamog’ida o’tirgan, 2016-yilda ozod etildi. Jurnalistlar nishonga olinishi, deydi u, matbuot xavfli nuqtaga kelib qolganini ko’rsatadi.

“Jurnalistlarni hibsga olish, ta’qib qilish, o’ldirish ko’paygan - bu ko’pincha AQShga ittifoqchi bo’lgan yoki demokratik davlatlarda ro’y beryapti. O’tmishda bunday holatlar ko’p emas edi. Qo’shma Shtatlar bu borada o’z pozitsiyasini bildirishi kerak. “Biz matbuot erkinligi va xavfsizligi tarafdorimiz”, deb baland ovozda aytishi kerak. Hozircha buni ko’rmayapmiz”, - deydi u.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, 2017-yilda qamalgan muxbirlar soni rekord darajaga yetgan. Ularni qamashda yetakchi davlatlar - Turkiya, Xitoy va Misr.

Yil boshidan beri shu kungacha jahon bo’ylab 44 jurnalist faoliyati uchun o’ldirilgan. Urush zonalarida ishlash muxbirlar uchun yagona tahdid emas, deydi Aysha Tanzim, “Amerika Ovozi”ning Islomoboddagi byurosi rahbari.

“Xususan, Pokiston va Afg’onistonda odam o’g’irlash katta muammo. Sizni “Islomiy davlat” yoki Tolibondan tashqari jinoyatchilar ham o’g’irlab ketishi mumkin. Chunki jurnalist ular uchun daromad manbai. Agar tovon puli qo’llariga tez tushmasa, Tolibonga sotib yuborishadi. So’ng toliblar siz uchun to’lov talab qilishadi yoki qamoqdagi safdoshlariga almashadi”, - deydi u.

Axborot vositalariga nisbatan adovat oshar ekan, javobgarlik masalasi ham ko’rib chiqilishi kerak, deydi ekspertlar.

“Maltada jurnalistning mashinasini portlatish bo’ladimi yoki saudiyalik jurnalistni diplomatik vakolatxonada o’ldirish bo’ladimi, bunday ishlar bo’yicha shaffof xalqaro tergov o’tkazilishi kerak. Jamol Xoshuqjiga nima bo’lganini bilishimiz kerak. Hukumatlar jinoyatdan qochib qutula olmasin, jurnalist hayoti arzon deb o’ylamasin”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasidan Rob Maxoni.

Vashingtonda asoslangan “Ozodlik uyi” tashkilotiga ko’ra, so’nggi 10 yilda global matbuot erkinligi darajasi eng quyi nuqtaga tushgan. Dunyo ahlining atigi 13 foizi matbuoti haqiqatan erkin jamiyatlarda yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG