Breaking News

AQShning terrorchi amerikaliklarga qarshi chorasi oshkor bo'ldi


AQSh Adliya vaziri Erik Xolder, 18-yanvar, 2013-yil
AQSh Adliya vaziri Erik Xolder, 18-yanvar, 2013-yil
AQSh Adliya vaziri Erik Xolder terror xurujlariga aloqadorlikda gumon qilingan Amerika fuqarolarini xorijda yo’q qilish siyosatini oqlamoqda. Uning aytishicha, bu terrorga qarshi kurashdagi muhim usullardan biri.

"Asosiy maqsadimiz amerikaliklar xavfsizligini ta’minlash bo’lib, bu ishni qonunlarimiz va qadriyatlarimiz doirasida amalga oshirish lozim. Kongress al-Qoida va unga aloqador guruhlarga qarshi nafaqat Pokiston va Afg’onistonda, balki dunyoning boshqa davlatlarida ham chora ko’rishga ruxsat beradi", - deydi Xolder.

Oq uy terrorchilik faoliyatida gumon qilingan odamlarni pilotsiz samolyotlar yordamida nishonga olish siyosatini himoya qilib keladi. Unga ko’ra, chora ko’rilmasa, terrorchilar AQShga qarshi xuruj uyushtirishi mumkin.

Matbuotda paydo bo’lgan Adliya vazirligining maxfiy ko’rsatmasiga ko’ra, bu terrorga aloqador Amerika fuqarolariga ham taalluqli. Agar ularni hibsga olish imkoni bo’lmasa, yo’q qilish zarur, deyiladi ichki hujjatda.

Ayrim huquqshunoslar nazarida bu siyosat ba’zida xatoga olib kelishi va begunoh fuqarolarning yanglish o’limiga sabab bo’lishi mumkin. Bu siyosat fuqarolik erkinliklariga katta tahdiddir, deydi ular.

11 nafar senator Obama ma’muriyatidan bu siyosatga aloqador barcha hujjatlarni ularga ko’rsatishni talab qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG