Bugun Afg'oniston poytaxti Kobulda saylovchi kartasini tarqatish markazida bir odam o’zini portlatib, kamida 57 kishining hayotiga zomin bo’ldi, 100 dan ortiq odam jarohat olgan.
Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Najib Donishning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, asosan navbatda turgan odamlar jabr ko’rgan. Kasalxona mutasaddilariga ko’ra, yaralanganlardan 10 nafarining ahvoli o’ta og’ir.
“Islomiy davlat” to’dasi xuruj uning ishi ekanini ma’lum qildi. Xuruj sodir etilgan markaz mahalliy maktablarning birida joylashgani aytilmoqda.
Afg’oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla xurujni qoraladi.
“Ushbu jirkanch hujumdan zarar ko’rganlarga hamdardman. Adolatli va shaffof saylov o’tkazish rejamizdan qaytmaymiz, terrorchilar afg’on xalqi irodasini buka olmaydi”, - dedi Abdulla.
Saylovchilarni ro’yxatga olish o’tgan hafta boshlangan. Mustaqil saylov komissiyasi 20-oktabrga rejalangan parlament va tuman kengashlari saylovlariga hozirlanmoqda. Afg’oniston tarixida ilk bor saylovlar saylovchilarning rasmiy ro’yxati asosida o’tkaziladi.
Bir necha kun oldin Prezident Ashraf G’ani harbiy qo’mondonlarga saylovchilarni ro’yxatga olish markazlarida xavfsizlikni ta’minlashni buyurgan edi.
AQShning Afg’onistondagi elchisi Jon Bass bayonot chiqarib, Kobuldagi xurujni qoralagan va qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.
Tolibon harakati saylovlarni qoralab, aholini jarayonni boykot qilishga chaqirmoqda. Toliblarga ko’ra, Afg’oniston hukumati AQSh nog’orasiga o’ynamoqda. Biroq, deydi Tolibon vakili Zabihulla Mujohid, yakshanba kungi xurujda harakatning qo’li yo’q.
Bugun shimoldagi Bag’lan viloyatida ham xuruj ro’y bergan. Yo’l chetiga o’rnatilgan bomba portlashida Puli Xumri shahrida olti kishi nobud bo’lgan.
BMTning so’nggi hisoblariga ko’ra, 2018-yilning dastlabki uch oyida zo’ravonliklarda 2260 odam o’lgan.
Facebook Forum