O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2-sentabr kuni ertalab Prezident Islom Karimov sog'lig'i haqida yangi axborot e'lon qildi. Unga ko'ra, Karimovning ahvoli so'nggi bir kun ichida birdaniga yomonlashgan va ayni paytda u o'ta og'ir ahvolda.
"Xalq so'zi" gazetasida e'lon qilingan qisqa xabarning to'liq matni quyidagicha:
"Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbari Islom Abdug'aniyevich Karimov o'tgan shanba kuni insult kasalligi bilan davolanishga yotqizilgan edi. Aziz vatandoshlar, chuqur qayg'u bilan shuni ma'lum qilamizki, o'tgan sutkada Prezidentimizning sog'lig'i birdaniga yomonlashdi va shifokorlar vaziyatni o'ta og'ir deb baholamoqda".
Bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Islom Karimovning vafot etganiga oid xabarlar paydo bo'lgan edi. Bunga Samarqand shahridagi Shohi Zinda qabristonida tozalash va ta'mirlash ishlari boshlanib ketgani hamda shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sabab bo'lgan.
Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiylarning Samarqandga yo'l olgani ham xabar qilindi.
"Fergananews" saytining o'z manbalariga tayanib xabar qilishicha, prezident allaqachon o'lgan va 3-sentabr kuni uning dafn marosimi o'tkaziladi.