O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning muxolifat haqida aytgan so’nggi gaplari chet eldagi muhojirlar orasida muhokamalarga sabab bo’ldi. Bu bayonot Ukrainadagi siyosiy o’zgarishlar hamda O’zbekistonda yaqinlashayotgan saylovlar oldidan xavotirlar kuchayayotganidan dalolatmi?
Karimovning xorijdagi muxolifatga oid yangi qarashlari oppozitsiya tomonidan aks-sadosiz qabul qilindi.
Xorijdagi siyosatshunos, muxolifat vakili Namoz Normo'minning aytishicha, Karimovning ancha yillardan buyon muxolifatni birinchi bor eslashi yaqinlashib kelayotgan saylovlar arafasida ahamiyatli.
“Karimov uzoq muddatdan keyin brinchi marta muxolifat haqida gapirmoqda. Karimov muxolifatdan hamon cho'chimoqda. Kutilayotgan saylovlar, sobiq ittifoq hududida bo'layotgan voqealar, xususan, Ukrainadagi hodisalar tahlikasini Karimov juda yaxshi sezadi. Avvalo, u saylovga hech qanday muxolifatni qo'ymoqchi emas, keyin Ukrainadagi jarayonlarning O'zbekistonda bo'y ko'rsatmasligi uchun ham shunday bayonot bilan chiqmoqda”, - deydi Namoz Normo'min.
“Mustaqilligimizning dastlabki yillarida oramizda paydo bo'lgan bir qator hasadgo'ylar bizning sa’y-harakatlarimizni qoralab, yordam ko'rsatish o'rniga tanqid qilish va kuzatuvchi bo'lib turishni boshlashgandi”, - deyish bilan Islom Karimov 90-yillarda shakllangan o'zbek muxolifatchilarini nazarda tutmoqda
Vatanini tark etgan bu shaxslarning hech narsaga erishmaganiga urg’u bergan prezident, endi ularning vatanga qayta olmasliklarini aytadi. Karimov Farg'onaga safari davomida qilgan bu bayonot O'zbekiston televideniyesida ham namoyish etilgan.
Namoz Normo'minning aytishicha, prezident Karimov rejimi o'zbek muxolifatini parchalashga muvaffaq bo'ldi. Hozirgi bayonot esa 90-yillar boshidagi faollarga emas, balki shakllanish jarayonida turgan yangi muxolifatga qaratilmoqda, deydi u.
“90-yillardagi muxolifatning tarkibi va yo'nalishi bilan hozirgi, 2014-yildagi muxolifatning yo'nalishi o'zgarib ketdi. Karimov siyosiy oppozitsiyani katta tazyiqlar evaziga yurtdan tashqariga chiqarishga va shu bilan ularning susaytirishga erishgandek bo'ldi. Lekin ayni paytda musulmonlarning - men ularni islomiy muxolifat demoqchi emasman, chunki ular o'zlarining musulmonligi bilan rejimga muxolifatda turishibdi - faolligi oshgan", - deydi u.
"O'zbekistonda ham, tashqarida ham shu. Karimov muxolifat vatanga kirolmaydi deyishi noto'g'ri, chunki ular allaqachon vatandalar. Bundan tashqari, Rossiyada va boshqa joyda yurgan musulmonlar orasida rejimga qarshi muxolif odamlar ko'p. Ular to'satdan birlashib, katta kuchga aylanishi mumkin. Karimov shularni nazarda turib, buning chorasini ko'rish uchun bayonot qilmoqda”, - deydi Normo'min.
25 yildan buyon O'zbekiston boshqaruvida qolayotgan Karimov mustaqillikning dastlabki yillarida muxolifat mavjudligini tan oldi, ammo keyinchalik oppozitsiyaga nisbatan keskin tazyiqlar boshlandi. Muxolif partiyalar taqiqlanib, faollari quvildi.
Muxolifatning xorijdagi uzoq yillik faoliyati ham muvaffaqiyatli kechmadi. Bu hol, taxminlarga ko'ra, O'zbekistonni beqarorlik o'chog'iga aylantirishi mumkin.
“Hozir siyosiy voqealar juda tez o'zgarayapti, O'zbekiston ham mustasno emas. Yaqinda AQShning bir tashkiloti O'zbekistonni barqarorlik darajasi o'ta past bo'lgan davlat sifatida qayd etdi. Men to'satdan yangi, kuchli muxolifat shakllanishi mumkin degan fikrdaman”, - deydi Namoz Normo'min.
Faollar nazarida Karimovning parlament va prezidentlik saylovlari arafasida muxolifatni tilga olishi shu bilan bog’liq bo’lishi mumkin.