Breaking News

Gulnora Karimovadan hamkorlari yuz o'girmoqda


Gulnora Karimova (markazda) O'zbekiston mustaqilligiga bag'ishlangan bayram tadbirida, 2012-yil, 31-avgust.
Gulnora Karimova (markazda) O'zbekiston mustaqilligiga bag'ishlangan bayram tadbirida, 2012-yil, 31-avgust.

Gulnora Karimovaning rasman qamoqqa olingani e’lon qilinar ekan, mamlakatdagi sobiq hamkorlari undan yuz o‘gira boshladi.

Media kompaniyalari rahbari Firdavs Abduxoliqov matbuotda Gulnora Karimova bilan hamkorligiga oid maqola e’lon qilgan. U avvalroq Karimova biznesiga aloqadorlikda gumon qilinib, huquq-tartibot organlari tomonidan so‘roq qilingan, unga tegishli axborot vositalarida tintuv o‘tkazilgan, o‘zi esa bir muddat mamlakatni tark etgan ham edi. Ayni paytda Elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasiga raislik qilayotgan Abduxoliqov maqolasi orqali Gulnorani o'ziga nisbatan tazyiq o'tkazishda ayblamoqda.

“Gulnoraning tosh-tarozisi” deb nomlangan maqola Karimova bilan uzoq yillar hamkorlik qilib kelgan muallifning tavbasiga ham o‘xshaydi.

Abduxoliqov o‘z maqolasida Gulnoraning bosimiga uchragani haqida yozadi, xususan, STV televideniyesidagi tekshiruvlar, o‘ziga, yaqinlariga tazyiqlar boshlanishi, yashirinishga majbur bo‘lishi ortida shaxsan Gulnora Karimova turganini iddao qiladi. Vaholanki, bu paytga kelib Gulnora Karimova qudrati inqirozga yuz tutgan, uning nomi bilan bog‘liq barcha tashkilotlar, jumladan, Abduxoliqovga tegishli media kompaniyalar ham tekshiruvga tushgan edi.

Abduxoliqov Gulnora Karimova bilan 2004-yildan beri hamkorlik qilib kelgani, u bilan so‘nggi bor 2013-yilda ushrashgani, bu paytga kelib jinoiy kirdikorlari fosh qilingan, oilasi bilan ziddiyatga ega Gulnora Karimova o‘z foydasiga axborot tarqatishda ko‘mak so‘rab, unga tahdid qilganini xotirlaydi.

Bu maqola o‘zbek matbuotida Gulnora Karimova haqida paydo bo‘lgan ilk mualliflik chiqishi ekanligi bilan ham diqqatli.

O`z media bozorini Gulnora Karimova bilan yaqin aloqalar evaziga kengaytirib, mustahkamlagan Abduxoliqovning bu chiqishi qamoqqa tushgan Gulnoradan rasman yuz o‘girish yoki o'ziga nisbatan huquq-tartibot organlarida yana shubha-gumonlar uyg‘ongan bo‘lishi mumkinligi bilan izohlanmoqda.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir buni shunday izohlaydi:

“Abduxoliqov yolg‘onchi, ikkiyuzlamachi, u Gulnora Karimovadan yomonlik ko`rmagan, bunga hech kim shubhalanmaydi. Uning yirik mediamagnatga aylanishi bevosita Gulnora bilan bog‘liq. Meningcha, agar hukumat Gulnora Karimova ishini xolis tekshiradigan bo‘lsa, Firdavs Abduxoliqov boshliq tashkilot ham tugatilishi kerak. O'zining faoliyati esa prokuratura tomonidan tekshirilishi, yetkazgan zarari o‘rganilishi lozim. Gulnora Karimovaning boshqa yirik magnatlar bilan, masalan, Alisher Usmonov bilan yuritgan biznes faoliyati, o‘zbek gazining Rossiya kompaniyalari orqali sotilishi ham taftish qilinishi lozim”.

O‘zbekistondagi bir qator nashr va telekanallarga egalik qiluvchi Abduxoliqov Gulnora Karimovaga qarashli tashkilotlar targ‘iboti bilan shug’ullanib kelgan. U jamoatchilikka Gulnora Karimovaning shaxsiy matbuot kotibi sifatida ham tanilgan edi.

Karimova inqirozi boshlangan yillarda Abduxoliqov ham huquq-tartibot organlari tomonidan so‘roqqa tutildi, unga qarashli nashrlarda tintuv o‘tkazildi, o‘zi esa bir muddat mamlakatdan chiqib ketdi.

Gulnora Karimova mojarosi uy qamog‘i bilan yakunlanar ekan, Abduxoliqov yana hukumat tadbirlarida ko‘rinish bera boshladi, media sohasidagi biznesini davom ettirdi.

O‘zbekiston prokuraturasining Gulnora Karimova qamoqqa olingani haqidagi xabari Karimova mojarosiga qayta turtki berdi, Abduxoliqovning maqolasi aynan shu ma’lumot ortidan kuzatilmoqda.

“Abduxoliqov yetakchiligidagi uyushma nohukumat axborot vositalarini nazoratlashda Karimov davridayoq o‘zini ko‘rsatgan edi. O‘shanda uyushma tarkibiga kirishni istamagan bir qator xususiy telekanallar, radiolar yopilib ketdi. Rangli inqiloblar davri boshlangan bir paytda uyushma nazoratning shu usuli bilan hukumat nazariga tushdi. Albatta, Gulnora bilan bog‘liq voqealardan so‘ng Firdavsning yana hokimiyat doirasiga qaytishida Gulnoraga nisbatan bergan ko‘rsatmalari ham o‘rin tutgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiysi bu emas. Bu kabi odamlarning biznesi hukumatga kerak,“darakchibozlik”odamlarni haqiqiy muammolardan chalg‘itadi, odamlar ijtimoiy hayotdagi jarayonlardan, muammolardan sovib, maishiy narsalarga o‘ralashib qoladi”, - deydi Anvar Nazir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan noqonuniy mablag‘ o‘zlashtirilishi bo‘yicha ochilgan yangi jinoiyni o'rganish tafsilotlari davom etmoqda.
Prokuratura e'lon qilgan yangi ma'lumotlar, asosan, Gulnora Karimovaning xorijdagi mablag‘iga tegishli. Dastlabki tergov harakatlari esa Karimovaning mamlakat ichkarisidagi faoliyati yuzasidan o`tgan. Abduxoliqov shu dastlabki tergov harakatlari yuzasidan so‘roqqa chaqirilgan edi. Gulnora Karimovaning xorijdagi faoliyatiga Abduxoliqov aralashgani bilan bog`liq biror ma’lumot yo‘q. Abduxoliqov o‘z maqolasida ta’kidlashicha, u hech qachon Gulnora Karimova yetakchiligidagi tashkilotlarda biror rasmiy lavozimga ega bo'lmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG