Nursulton Nazarboyev qozoq-turk maktablaridagi Gulen jamoasiga aloqador mutaxassislarni Turkiyaga topshirishga va'da bergan. Turkmanistonda ham turk o`quv yurtlarini yopish jarayoni boshlangan. Turkman ziyolilariga ko`ra, mintaqa diktatorlarida Gulen izdoshlariga nisbatan hadik kuchaygan.
Turkiyada yashab kelayotgan o`zbek sharhlovchisi Namoz Normo`minga ko`ra, gap qozoq turk maktablarida dars berib kelayotgan Turkiya fuqarolari haqida ketmoqda.
“Nazarboyev keldi, men o`zim eshitdim. Ularni (Gulen jamoasiga aloqador o`qutuvchilarni) Turkiyaga topshiradi, buni kutish mumkin. Biz ularni topshiramiz, o`rniga esa bizga o`zlaringga ma`qul boshqa kadrlar berasiz, degan muhim bayonot qildi”, - deydi Normo`min.
Qozog`istonda 30 dan oshiq qozoq-turk litseylari bor, bu maktablarda aksariyati turkiyalik bo`lgan o`qituvchilar saboq berishadi. Turkiyaning Qozog`istondagi elchisi avvalroq Astanadagi matbuot anjumanida bu maktablarning Turkiya davlatiga mutlaqo aloqasi yo`qligi haqida bayonot qilgan edi. Qozoq-turk litseylari yopilishi haqidagi gaplar jamoatchilikda xavotir uyg`otgani bois mamlakat Ta`lim vazirligi maktablar faoliyati to`xtatilmasligi yuzasidan ham bayonot chiqargan.
“Mana hozir Turkmanistonda yopilyapti, xuddi shunday Somalida, Sudanda ham bu maktablar faoliyati to`xtatilgan. Bu hozirgi paytda Turkiya olib borayotgan rasmiy siyosat bilan bog`liq”, - deydi Namoz Normo`min.
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov Ashxoboddagi Turkman-turk universitetini tugatish, uning o`rnida O`g`izxon nomidagi texnologiya unversitetini barpo etish haqida ko`rsatma bergan.
Berdimuhammedovning bu qarori qanday sabablarga bog`liqligi ochiqlanmagan, ammo 90-yillar boshidan faoliyat yuritib kelgan bu o`quv dargohining yopilishi Turkiyadagi voqealarga bevosita bog`liq deb ko'riladi.
Siyosiy muhojirlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsaparganing aytishicha, Turkiyaning sobiq prezidenti Abdulla Gul ishtirokida tantanali ravishda yangi binoga ko`chgan bu unversitet mamlakatda ancha mashhur bo`lgan edi.
“Ta`lim tizimi ancha mukammal bu universitet 90-yillarda ancha mashhur edi, Abdulla Gulning Turkmanistonga tashrifi paytida yangi binoga ko`chib o`tdi. Ochilish marosimida prezidentlar qatnashgan edi. Bu universitet davlatga tahdid tug`dirishi yoki gulenchilarning Turkmanistonda hukumatni qo`lga olishlari mumkinligi haqida gapirish juda qiyin. Meningcha, turk maktablarining yopila boshlanishi mintaqa diktatorlarida xavotir kuchyagani bilan bog`liq. Ular dunyoqarashi kengroq bo`lgan yoshlar shakllanishidan hamisha qo`rqishadi. Turk universiteti esa shunisi bilan ham mamlakatdagi boshqa o`quv yurtlaridan ajralib turardi”, - deydi Velsapar.
Gulen jamoasiga daxldor ko`rilayotgan turk maktablari Turkmanistondan tashqari, Tojikiston, Qozog`iston va Qirg`izistonda ham bor. Hozircha bu davlatlardagi turk litseylari faoliyati taqiqlangani haqida biror ma`lumot yo`q. Mintaqada birinchilardan bo`lib Turkmaniston bu maktablarni yopa boshlagan.
“Ehtimol, bu universitetdagi o`qituvchilarning bir qismi Gulen jamoati, uning ma`rifiy tizimi bilan bog`liqdir, lekin unda turkmanlar ko`pchilik edi. Bu Berdimuhammedov Erdog`anni qo`llashini bildiruvchi bir ishora sifatida qabul qilingan bo`lishi ham mumkin”, - deydi Velsapar.
Turkiya Qirg`izistondagi turk maktablarini yopish bo`yicha ham keskin talab qo`ygan edi. Bu Anqara va Bishkekning o`zaro ziddiyatli bayonotlariga ham sabab bo`ldi. Bishkek bu maktablar faoliyati mamlakatning ichki ishi deb hisoblaydi.
Turkiyadagi davlat to`ntarishiga urinishda AQShda yashayotgan ulamo Fathulla Gulen ayblandi. Bu ayblov ortidan Gulen jamoasiga aloqador ko`rilayotgan xorijdagi tashkilotlarga, jumladan, Markaziy Osiyodagi turk maktablariga nisbatan bosim kuchaydi.
"Bu maktablar dunyoviy fanlarni juda yaxshi o`qitadi, lekin mohiyat bu maktablarning markazlashtirilgan bir muassasa ekanligida. Jamoatning umumiy g'oyasiga xizmat qiladi. Gulenga esa bu yerda juda jiddiy ayblovlar qo`yilmoqda, agar bu ayblovlar siyosiy bo`lmaganida, muammo bo`lmasligi kerak edi”, - deydi Namoz Normo`min.
AQShda yashayotgan Fathulla Gulenning o`zi Turkiya hukumati surayotgan ayblovlarni inkor etadi va davlat to`ntarishiga urinish aynan Erdog'an tamonidan sahnalashtirilganini ehtimol qiladi.