Breaking News

AQSh Isroil va Falastinni murosaga undamoqda


Amerika va Yaqin Sharq - US-Mideast
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00

Amerika va Yaqin Sharq - US-Mideast

Bir necha kun burun Yaqin Sharqda bo’lib qaytgan AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Isroil va Falastin rahbarlari muloqotida siljish kuzatilgan. Ammo yechimini kutayotgan hali ancha masalalar bor va tomonlar tinchlik bitimiga erisha olmasa, zo’ravonliklar jonlanishi mumkin, deydi Kerri. Ayrim tahlilchilar davlat kotibini bu masalada tomonlarga bosim o’tkazishga chaqirmoqda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashgan Jon Kerrining aytishicha, har ikki rahbar tinchlik tugal maqsad ekanini bildirgan. Tomonlar kelisha olmasa, mintaqa yana zo’ravonlik va tartibsizlikka yuz tutadi, deydi Kerri.

"Mavjud mojaroga barham berilmas ekan, uning yechimini topishga qaratilgan harakatlar cho’zilib, odamlar betoqat bo’la boshlarkan, zo’ravonlik ehtimoli kuchayib boraveradi", - deydi Kerri.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, 20 yildan oshiq vaqt davom etayotgan muzokaralardan natija bo’lmayapti. Bryus Jentlson AQShning Dyuk universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. Uning aytishicha, bunday turg’unlikdan har ikki tomon zarar ko’rmoqda.

"Yaqin Sharqda bir holatga takror va takror guvoh bo’lyapmiz. Vaziyat kundan kunga og’irlashib bormoqda. Har ikki tomonda adovat va zo’ravonlikda ulg’aygan avlodlarni ko’ryapmiz", - deydi tahlilchi.

Jentlsonning aytishicha, ko’plab yosh falastinliklar XAMAS guruhiga qo’shilmasa-da, siyosiy jarayonga ishonchini yo’qotgan. Ekspert Kerrining tinchlik bitimini amalga oshirish yo’lidagi tirishqoqligini olqishlab, davlat kotibi qattiqroq pozitsiyada turishi kerak degan fikrni bildiradi.

"Isroil va Falastin o’rtasida tinchlikning bo’lishi AQSh manfaatiga javob bergani uchun ham Kerri kuyib-pishib, harakat qilmoqda. U Isroil bosh vaziri Netanyaxu ham, Falastin prezidenti Abbos ham tinchlikni istashiga ishonch hosil qilib, o’z so’zini bu ikki rahbarga qat’iy tarzda yetkazishi zarur", - deydi Jentlson.

AQSh davlat kotibi Isroilning istilo qilingan yerlarda hanuz davom etayotgan qurilishlarini noqonuniy deb, yahudiy davlatini bu masalada bosiqlikka chaqiradi. Falastinliklar G’arbiy Sohildagi bu vaziyatdan asabiylashar ekan, Isroil bilan muzokaradan chiqishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Kerri yaqinda Isroil va Falastin jurnalistlariga bergan intervyusida har ikki tomonni yana bir bor ogohlantirib, o’zaro ziddiyatlarni tinchlikka muqobil yo’l deb atadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG