Breaking News

Liviya yuzlashayotgan tahdidlar Venada muhokamada


Yevropa va Yaqin Sharq davlatlaridan tashqi ishlar vazirlari bugun Venada uchrashib, Liviyaning yangi hukumatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida gaplashmoqda. So'nggi besh yildan buyon parokanda bu o'lkada turli guruhlar hokimiyatga da'vo qiladi.

AQSh va Italiya shafeligida o'tayotgan majlisda Liviyaning BMT vositachiligida tuzilgan qo'shma hukumati G'arbdan harbiy yordam so'rashi mumkin.

Mart oxirida ishga kirishgan Bosh vazir Fayz Siroj mamlakatni birlashtira olgani yo'q. Parlamentdagi qonunchilarning bir qismi uni tan olishdan bosh tortmoqda. Buning ustiga, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr singari davlatlar Liviya sharqida joylashgan harbiylar hukumatiga yon bosadi.

Avstriyada uchrashayotgan vazirlar "Islomiy davlat" to'dasi Liviya va region uchun jiddiy tahdid ekanini e'tirof etmoqda. Jangarilar Sirta shahrida o'rnashib, qo'shni Tunisga hujumlar uyushtirgan.

Suriya

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri kuni-kecha Saudiya Arabistonida bo'lib, Suriyada hukumat va isyonchilar o'rtasida erishilgan sulhni saqlab qolishda qirollikdan yordam so'radi.

Suriya masalasi Venada muhokama qilinayotgan bosh mavzulardan. Fuqarolik urushini boshdan kechirayotgan bu mamlakatda hukumat va muxolifat o'rtasidagi muzokaralar samara berganicha yo'q. Sulh kelishuvi bot-bot buzilmoqda, gumanitar yordam yetkazish ham qiyinlashgan.

Bashar al-Assad hukumati va isyonchilarni murosaga undab kelayotgan BMT elchisi Staffan de Mistura majlisdan so'ng navbatdagi muloqot sanasini belgilamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG