Bundan besh yil avval arab yoshlari demokratik islohotlarni talab qilib, ko’chalarga chiqqan edi. Qo'zg'olonlardan ijobiy natija bo'ldimi, deb so'rasangiz, "ha" deb javob beradiganlar ozchilik. Ayni vaqtda jamiyatda o’zgarishlar bo'lishiga umid so'nmagan. Yoshi 18 dan 24 gacha bo’lgan arab yoshlari orasida o’tkazilgan so’rov shuni ko’rsatmoqda.
2011-yilda “Arab bahori” nomini olgan inqiloblar to’lqini boshlanayotganda ham o'xshash so'rov o'tkazilgan. O'shanda ko'pchilik demokratiya istaymiz, deb baralla aytgan edi.
Bugun esa Suriyada urush va “Islomiy davlat” ekstremist guruhining vujudga kelishi hamda mazhablararo ziddiyatlarning kuchayishiga guvoh bo’lgan yoshlar bizga tinchlik kerak, demoqda. So’ralganlarning 53 foizi barqarorlik demokratiyadan ham ustun, deydi. 22 foizi esa demokratiyaning yo’qligi mintaqa oldida turgan eng katta muammolardan ekanini aytadi.
“Ular o'zlari yashab turgan tizimlarni isloh qilishni istaydi. Bor narsani buzib, quruq shiorlar bilan yangisini qurishni emas”, - deydi mintaqashunos Maykl Stivens.
Arab yetakchilar bir narsani tushunishi lozim: yoshlar 2011-yilda nimaga intilgan bo’lsa, bugungi ehtiyojlar ham o'sha-o'sha, deydi u.
“Ko’plarga Daish ma’qul emas”
So'rovdan shunisi ayonki, arab yoshlarining aksar qismi “Islomiy davlat” to'dasini ma’qullamaydi. So’ralganlarning 77 foizi bu guruhning kuchayishidan xavotirda. Ular, shuningdek, guruh pirovardida mag’lubiyatga uchrashiga ishonadi.
Har besh kishidan to’rt nafari “Islomiy davlat” bunchalik qonxo'r bo’lmaganida ham uni qo’llab-quvvatlamasligini aytgan.
Jihodchilar qanday qilib ayrimlarni o'ziga ergashtira oldi deb so'rasangiz, sababi ishsizlik, deb javob berishadi. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada aholining yarmidan ko'pini 25 ga yetmaganlar tashkil etadi. So’ralganlarning 44 foizi vatanida ish topish istiqbollarini yaxshi deb baholagan.
“Yaqin kelajakda arab dunyosida qariyb 200 million yangi ish joylari yaratilishi kerak. Bu Daishni yo’q qilishdan ham dolzarbroq masala”, - deydi Birlashgan Arab Amirliklaridan taniqli sharhlovchi Faysal al-Yafay.
Ayollar uchun ish topish yanada qiyinroq. Misr, Eron, Iordaniya, Livan, Liviya, Tunis va Yamanda xotin-qizlarning 40 foizi ishsiz. Ammo o'zgarishlar yo'q emas, xususan Saudiya Arabistonida, deydi sportni targ'ib qiluvchi kompaniya rahbari Lina al-Menna.
“Kichik qadamlar bilan bo'lsa-da, oldinga siljiyapmiz. Ayollar yaqinda mahalliy kengashlarga saylandi. Siyosiy hayotda qatnashish imkoniyatlari oshmoqda”, - deydi u.
Dinga munosabat ham o’zgaryapti. Yaqin Sharqda e'tiqodga haddan ziyod ahamiyat qaratamiz, deydi so’ralgan yoshlarning yarmidan ko’pi. 72 foizi esa sunniy va shialar orasidagi ziddiyatni ixtilof manbai deb biladi (Eron va Saudiya Arabistoni manfaatlari to’qnashgan Yamanda bundaylar 88 foizga teng).
Eron ta’sirining kuchayishi
So’rov natijasidagi eng katta o’zgarish - Eronga munosabat. Iroq, Livan va Falastinda so’ralganlarning 13 foizi Eronni o’z mamlakatining eng katta hamkori degan.
“Shom va Fors ko’rfazi mamlakatlari orasida Eronga munosabatda va mintaqa oldidagi muammolar haqidagi fikrda katta farq bor”, - deydi Maykl Stivens.
So’ralganlarning uchdan bir qismi Saudiya Arabistonini, choragi esa AQShni bosh hamkor deb atagan.
AQSh haqidagi fikrda ijobiy o’zgarish
Regionda anti-amerikanizm kayfiyati biroz pasaygan. Xususan, Fors ko'rfazida 85 foiz aholi Vashingtonni hamkorimiz, deydi.
“AQShni avvalambor iqtisodiy hamkor deb bilishadi, chunki u mintaqa mamlakatlariga qiyin iqtisodiy vaziyatda yordamlashadi”, - deydi saudiyalik jurnalist Xolid Almayna.
Iroq, Yaman va Falastin yoshlari orasida Amerika rolini salbiy baholaganlar ko’proq.
“Xullas, yoshlar uchun ish topish va ta’lim olish kabi masalalar mojarolardan muhimroq”, - deya xulosa qiladi Almayna.
“Agar Arab bahoridan besh yil o’tib, yoshlar vaziyat yaxshilanganiga ishonmasa, bu yoshlar xatosi emas, va’dalari ustidan chiqmagan hukumatlarning xatosi”, - deydi sharhlovchi Faysal al-Yafay.