Breaking News

Kerri Assadga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirmoqda


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyaga oid anjumanda ishtirok etish uchun Londonga yetib keldi, 14-may, 2014-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyaga oid anjumanda ishtirok etish uchun Londonga yetib keldi, 14-may, 2014-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Londonda Prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan muxolifatni qo’llab-quvvalovchi mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashmoqchi. Damashqda o’tish hukumatini tuzishga qaratilgan sa’y-harakatlar natija bermayotgan bir paytda bu davlatlar muxolif kuchlarga yordamni yanada kuchaytirish yo’lidan bormoqda.

Suriyaning Hama viloyatida hukumat va muxolif kuchlar o’rtasida keskin janglar davom etmoqda. Shu bois inqirozga siyosiy yechim topishga qaratilgan harakatlar to’xtab turibdi.

Yaqinda xalqaro muzokaralar yetakchisi sifatidagi vazifasini tugatgan Laxdar Brahimiy bir kun kelib bu mojaro, albatta, yakun topishiga ishonishini ta’kidladi.

“Savol shundaki, biz ko’rib o’rgangan Suriya qayta bo’y ko’rsatishi uchun yana qancha odam o’lishi kerak, yana qancha vayronagarchilikka guvoh bo’lamiz?” – deydi Brahimiy.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga ko’ra, Prezident Assad siyosiy yechimning yo’lini to’smoqda.

“O’z odamlari ustiga bomba tashlashdan, ularni gaz bilan zaharlashdan va o’qqa tutib, ochlik bilan o’ldirishdan tap tortmagan bu odam hokimiyatdan qolish uchun hamma narsaga qo’l urmoqda. Madaniyatli dunyo bunga jim qarab turmasligi kerak”, - deydi AQSh rasmiysi.

Shuncha tanqidlarga qaramay, Assad navbatdagi prezidentlik sayloviga yana o’z nomzodini qo’ymoqchi. U muxolifatni demokratiyani yiqitishga urinayotgan terrorchilar deb ataydi. Bu prezident himoyasi uchun kuchli asos, deydi sobiq AQSh elchisi Adam Ereli.

“Bashar al-Assad hech qanday yon bosishga bormaydi, muloqotga kirishmaydi va hokimiyatda ekan, biror bir o’zgarishga yo’l qo’ymaydi. Hozircha u yaxshi o’tiribdi, nazorat uning qo’lida”, - deydi Ereli.

Muxolif kuchlar Assadga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatdan ko’proq yordam berishni so’ramoqda. Suriya muxolifati koalitsiyasi yetakchi maslahatchisi Rime Allaf, birinchi navbatda, Assadning havo kuchlarini zaiflashtirish lozimligini aytadi.

“Havo kuchlarini kuchsizlantirishda yordam so’rayapmiz. Shundagina Assad rejimi bu urushni harbiy yo’l bilan yenga olmasligini tushunadi. Uning homiylari - rossiyaliklar va eronliklar ham muammoga faqat siyosiy yo’l bilan yechim topish mumkinligini anglaydi”, - deydi u.

Siyosiy yechim topilmagan taqdirda ham, oddiy fuqarolarni himoya qilish uchun xalqaro hamjamiyat ko’proq ish qilishi kerak, deydi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sara Margon.

Uning ta’kidlashicha, tomonlar kamida fuqarolarni va yosh bolalarni avaylash haqida kelishuvga erishishi lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG