AQSh Davlat kotibi Iordaniyada Arab Ligasi tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashmoqda. Muloqotda Suriya muammosi, Isroil-Falastin mojarosi va Misrdagi vaziyat asosiy mavzular.
Suriyadagi fuqarolar urushi va Misrdagi notinchlik Jon Kerri muhokama qilishni maqsad qilgan muhim mavzular. Ammo AQSh rasmiysining asosiy e’tibori Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga qaratilgan.
Hozircha Kerrining Isroil bosh vaziri bilan uchrashishi rejalanmagan. Ammo AQSh rasmiylari Benyamin Netanyaxuni muzokaralar stoliga qaytarish uchun harakat qilmoqda.
Kerri kecha Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishdi. Abbos so’zlovchisi Nabil Rudinaning aytishicha, falastinliklar tinchlik muloqotining qayta boshlanishiga qarshi emas.
“Janob Kerri muvaffaqiyatga erishadi, deb umid qilamiz. Prezident Abbos muzokaralar uchun tayyor va “Ikki davlat” yechimining tinchlik va barqarorlikka yetaklaydidan har qanday qismini qo’llab-quvvatlaydi. Amerika muhim ishni boshlagan. Uning davom etishidan umidvormiz”, - deydi falastinlik rasmiy.
Suriyadagi urush Falastin-Isroil muloqotiga soya solmoqda. Isroil “Hizbulloh” jangari guruhining Suriyada kuchayishidan xavotirda. AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Heydemenga ko’ra, vaziyat qaltis.
“Suriyada vaziyat tobora izdan chiqib bormoqda. Zo’ravonlik chegaradan oshib qo’shni hududlarga tarqalmoqda. Isroil ham, Hizbulloh ham mojaroga tobora tortilib boryapti”, - deydi tahlilchi Heydemen.
Amerika universiteti professori Akbar Ahmedning aytishicha esa, Suriya muammosi Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik o’rnatish zaruratini yanada oshiradi.
“Chunki Isroil urush zonasiga yaqin. Uning oldida ikki yo’l bor: chegaralarini mustahkamlash hamda shu chegaralar ichida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash”, - deydi professor.
Isroil ayni paytda Suriya chegarasi yaqinida harbiylari sonini oshirmoqda, deydi AQShning Isroildagi sobiq elchisi Daniel Kurtzer.
“Hozir Suriyada zo’ravonlik qaysidir darajada nazoratga olingan, lekin uning qo’shni hududlarga ham yoyilishi ehtimoli juda katta va xavfli. Bu qo’shnilarni beqarorlikka boshlashi yoki Isroilni ham harbiy mojaro domiga tortishi mumkin”, - deydi Kurtzer.
Sobiq elchi fikricha, Falastin bilan tinchlik muzokaralarini boshlash Isroilga Suriya muammosini hal qilishda ham qo’l kelishi mumkin.
“Qo’shni o’lkadagi muammolar va Falastin ichidagi muammolar aslida bitta narsa. Agar ichki nizolarni ijobiy hal qila olsang, tashqi muammolarni yechishda ham yaxshi imkoniyatga ega bo’lasan”, - deydi sobiq diplomat.
Jon Kerri Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nasser Juda bilan uchrashuvda Suriyadagi vaziyatning Falastin-Isroil tinchlik muzokaralariga ta’siri haqida fikr almashdi. Shuningdek, suriyalik qochqinlarning Iordaniya xavfsizligiga ta’siri ham muhokama qilindi.