AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Jenevada qator mamlakatlar diplomatlari bilan uchrashib, Suriyada sulhni saqlab qolish haqida gaplashmoqda. Olg'a siljish bor, deydi bosh diplomat.
Oxirgi haftalarda sulh qo'ldan berilay deb qolgan. Ayniqsa, Prezident Bashar al-Assad armiyasi Halab shahrini bombardimon qilishga zo'r bergan bir pallada.
Kerrining aytishicha, Halabda asosan tinch aholi nobud bo’lmoqda.
Davlat kotibi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muloqot chog’ida Suriya hukumatidan qon to’kilishlarini bas qilishni so’rashga chaqirgan.
“Rossiya bilan hamkorlik qilishga, Suriya hukumati unga quloq solishiga umid qilyapmiz”, - dedi Kerri.
Assad hukumati Halabda “Al-Nusra fronti” jangarilarini nishonga olayotganini, ularning raketa va artilleriya hujumlariga javob berayotganini bildiradi.
AQSh rasmiylari nazarida esa Suriya murosaga moyil, mo’tadil isyonchilarni hujumga olib, sulh shartlarini buzmoqda.
Bu orada, Turkiya armiyasi mamlakat janubidagi Injirlik harbiy bazasidan Suriyaga o'q yog'dirib, "Islomiy davlat" to'dasining 34 odamini o'ldirgan. Bu haqda Turkiya harbiylari ma'lum qilmoqda.
Bundan oldin, yakshanba kuni Suriya tomondan Turkiyaning Kilis shahriga raketalar otilgan edi. Yetti kishi jarohatlangan.
Shuningdek, Turkiyaning Suriya bilan chegarasi yaqinidagi Gazantep shahrida politsiya idorasi yonida mashina portladi. Yakshanba kungi bu voqeada ikki politsiyachi nobud bo'lib, 22 odam yaralangan.