Rossiya Suriyaning Halab shahrida 48 soatlik sulh e’lon qildi. Bundan bir necha soat oldin Qo’shma Shtatlar Kremlni ham, Bashar al-Assad hukumatini ham otishmani bas qilishga chaqirgan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, bugundan kuchga kirgan “sukunat rejimi” vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan.
Norvegiyaga safari chog’ida so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta’kidlashicha, Rossiya va Suriya hukumatlari sulhni o’zlari istagancha, tartibsiz ravishda tatbiq etmoqda. Assad armiyasi Halabni bosib olish ahdidan qaytgani yo’q.
“Bu tanaffus qanday amal qiladi, qaysi guruhlarga tegishli emas, ular qaysi hududlarda hujumlarni davom ettirmoqchi? Bu haqda bizga aniqroq ma’lumot berilmas ekan, AQSh chetda qarab turmaydi”, - deydi bosh diplomat.
Kerri so’zlariga ko’ra, Suriyada qon to’kilishlari to’xtasagina tomonlar muzokara stoliga o’tirishi, islohotga yo’l ochilishi mumkin.
Bu o’lkada fuqarolik urushi shu kungacha 280 ming odamning yostig’ini quritdi.