Qo'shma Shtatlar Ukrainaga 23 million dollar miqdorida qo'shimcha gumanitar yordam ajratadi. Davlat kotibi Jon Kerri bu haqda Kiyevga tashrifi chog'ida bayon qildi.
Prezident Petro Poroshenko va Bosh vazir Vladimir Groysman bilan muloqotda Kerri Ukrainada olib borilayotgan islohotlar va mamlakat sharqidagi sulhni muhokama qilgan.
AQSh 2014-yildan buyon bu davlatga yuborgan insonparvarlik yordami 135 million dollardan oshdi. Bu mablag'ni BMTning Qochqinlar agentligi va boshqa tashkilotlar urushdan jabr ko'rgan minglab oilalarning ehtiyojlariga yo'naltiradi.
O'zini mustaqil deb e'lon qilgan Donetsk va Lugansk mintaqalaridagi rossiyaparast bo'lginchilar va hukumat armiyasi o'rtasida to'qnashuvlar davom etmoqda.
BMT hisobiga ko'ra, Ukrainada yordamga muhtoj odamlar, jumladan bolalar, nogironlar va qariyalar 3,1 millionni tashkil etadi.
Kiyevda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Jon Kerrining aytishicha, Ukraina sharqidagi mojaroni tugatish uchun tomonlar Minsk shartnomasini to'la bajarishi lozim. Hukumat va separatistlarni ajratib turgan zonada xunrezlik davom etmoqda, deydi diplomat.
Polshada 8-iyul kuni NATO sammiti boshlanmoqda. Unda Rossiyadan kelayotgan tahdidlarga qanday javob berish masalasi muhokama qilinadi. Ruslar Qrimni bosib olganidan buyon qo'shni davlatlarda xavotir va qo'rquv oshgan. Ammo AQSh rasmiylariga ko'ra, Jon Kerri yig'indan oldin Ukrainaga borgani Kremlga signal emas.
Amerika bosh diplomati 6-iyul kuni Gruziyada ham bo'lib, harbiy hamkorlik to'g'risida yangi bitimlar imzoladi. 2008-yildagi qisqa urushda Rossiyadan zarba yegan Gruziya NATOga a'zo bo'lishni istaydi.