Amerika Davlat kotibi Jon Kerri AQSh va Yevropa o'rtasida rishtalar mustahkam ekanini, ittifoqchi davlatlar himoyasiga shay ekanini eslatmoqda.
Uning ishontirishicha, Vashington Ukraina ixtilofida ittifoqchilar tomonida turib berish qarorida qat'iy. Bundan bir necha soat oldin Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev G'arbni Sovuq urush davrini qo'msab tiklayotganlikda ayblagan.
Kerrining javobi shuki, Sovuq urush nihoyasiga yetgan, lekin ozodlik va tinchlikni himoya qilish yo'lida jasorat va qat'iyat, yarim asr oldin bo'lgani kabi, bugun ham dolzarb qolmoqda.
Ukraina masalasida, deydi Kerri, Rossiya o'tgan yili Belarusda Germaniya va Fransiya vositachiligida erishilgan tinchlik bitimiga amal qilishi lozim. Moskva yo shu bitimni hurmat qiladi, yo sanksiyalardan ziyon ko'rib yashayveradi, dedi Amerika bosh diplomati.
Sanksiyalardan qutulmoqchi bo'lsa, Rossiya avval Ukrainadan qurol va askarlarini olib chiqishi, barcha asirlarni ozod qilib, gumanitar yordamga yo'l ochishi, Ukrainaning Donbass mintaqasida erkin va adolatli saylovlar o'tishiga imkon berib, Ukraina hukumatiga chegaralar nazoratini qo'yib berishi kerak, dedi Kerri.