Diniy mazmundagi materiallari bilan nom qozongan jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov 11-fevral kuni ozodlikka chiqdi. U 2014-yilning oxirida e'lon qilingan amnistiyaga tushgan.
Xayrulla Hamidov 2010-yilda ekstremist guruhga a'zolikda ayblanib, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Diniy-siyosiy motivlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan taniqli shaxsning erkinlikka chiqqani jamoatchi faollar orasida umid uyg'otgan.
Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev:
"Xayrulla Hamidovning ozod qilinishi mamlakatdagi ekstremistik kayfiyatni susaytiradi. Chunki u nohaq qamaldi, jinoyatchi emas edi, lekin qamoqda saqlandi. Shunday odam qamalganidan keyin uning muxlislariga qanday kayfiyat bo'lishi mumkin? Baribir, bizni ham tinch qo'ymaydi, degan fikr yoshlar ichida mustahkamlanib borayotgan edi. Musulmonlar kayfiyati taranglashgan bir paytda bu, albatta, ijobiy ta‘sirga ega. O'zbekiston diniy motivlar bilan qamalganlarni ozod etish uchun birinchi qadamini tashladi, degan umid bor“.
Xayrulla Hamidov asossiz qamalgan, darhol ozod etilishi kerak degan talablar yangrab kelayotgan edi. Huquq bo'yicha xalqaro tashkilotlar, xususan "Human Rights Watch" uni siyosiy mahbus deb atar edi.
Hamidovning ozodlikka chiqarilishi hukumatning prezidentlik saylovlari arafasida qilgan marhamatimi?
"Saylov bo'lsin, bo'lmasin, holat baribir shunga kelib taqaladi. Albatta, saylov munosabati bilan odamlardagi kayfiyatni ko'tarish uchun, prezidentga moyillikni kuchaytirish uchun 3-4 kishini ozod qilaylik, degan bo'lishlari ham mumkin. Lekin bu vaqtincha, odamlar bunga ishonmaydi “, - deb hisoblaydi Bahrom Hamroyev.
Hamidovning oilasi, "Ozodlik" radiosiga ko'ra, amnistiya va hukumat qaroridan minnatdor. Hamidov qamalganida 35 yoshda edi. Bugun, 40 yoshida, oilasi bag'riga qaytganidan xursand muxlislar uni ijtimoiy tarmoqlarda qutlar ekan, Hamidov hali buyuk ishlar qilishga qodir ekaniga ishonch bildiradi. Uning iymon, mehr-oqibat, mas'uliyat va adolat, jamiyatdagi illatlar haqida bitgan sharh va tahliliy materiallari yillar o'tib ham internetda va disklarda tinglanadi va muhokamada.