Breaking News

Janubiy va Shimoliy Koreya Rossiya orqali iqtisodiy hamkorlik qilishi mumkin


Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Janubiy Koreya rahbari Pak Gin Xe Seulda o'tgan muloqot chog'ida, 13-noyabr, 2013-yil.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Janubiy Koreya rahbari Pak Gin Xe Seulda o'tgan muloqot chog'ida, 13-noyabr, 2013-yil.
O’tgan hafta Rossiya va Janubiy Koreya o’rtasida imzolangan hamkorlik bitimi Seul uchun Shimoliy Koreyadagi iqtisodiy loyihalarga sarmoya kiritish imkoniyatini yaratdi. Shimoliy Koreyaning Rajin portida Rossiya amalga oshirayotgan loyihalarda endi janubiy koreyaliklar ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Janubiy va Shimoliy Koreya iqtisodiy munosabatlari, Behzod Muhamadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:41 0:00
Yuklab oling
Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe va Rossiya rahbari Vladimir Putin o’zaro ishonch memorandumini imzoladi. Bu kelishuv janubiy koreyaliklarga shimoldagi qo’shni mamlakatga sarmoya kiritish imkonini beradi.

Putinning Seulga qilgan bir kunlik tashrifi davomida qabul qilingan kelishuv asosida Janubiy Koreya kompaniyalari endi Rossiya orqali Shimoliy Koreyadagi loyihalarda qatnashishi mumkin.

Rossiya firmalari hozir Shimoliy Koreyada 340 mln. dollarlik Rajin-Kasan temir yo’lini hamda Rason iqtisodiy zonasidagi portni qurmoqda. Janubiy koreyaliklar ulush sotib olib, ushbu loyihalarda ishtirok etishi ko’zda tutilgan.

“RasonKonTrans” qo’shma loyihasi Shimoliy Koreyaning Rajin shahrini Rossiyaning Sibir temiryo’liga bog’laydi.

Loyihadagi ulushlarning 70 foiziga Rossiya egalik qiladi. Qolgan 30 foizi Pxenyan ixtiyorida. Koreya matbuoti xabarlariga ko’ra, Janubiy Koreyaning po’lat ishlab chiqaruvchi “Posko” kompaniyasi, “Hyundai” yuk tashish firmasi hamda davlatga qarashli Koreya temiryo’llari (KORAIL) Rossiya ulushining yarmini sotib olishi mumkin.

Qo’shma matbuot yig’inida Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe Rossiya bilan tuzilgan kelishuvni muhim qadam deya olqishladi.

Uning aytishicha, ushbu loyiha Janubiy Koreya va Rossiya kompaniyalarining kelajakdagi hamkorligini yanada kuchaytiradi.

2010-yil Janubiy Koreya harbiy kemasining shimolliklar tomonidan cho’ktirilishi ortidan Seul Janubiy Koreya kompaniyalariga qo’shni yurtda biznes qilishni taqiqlab qo’ygan edi.

Koreya Sanoat bankiga tegishli Iqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlilchisi Chu Bon Hinning aytishicha, Rossiya ishtirok etayotgani bois temiryo’l va port loyihalariga siyosiy ziddiyatlarning to’sqinlik qilishi ehtimoli kam.

Agar loyiha ikki Koreya davlatlari o’rtasida bo’lganda edi, xuddi Kesong Sanoat majmuasi kabi u ham siyosiy sabablarga ko’ra to’xtab qolishi mumkin edi, deydi u. Ammo u uch mamlakat, jumladan, Rossiya ishtirokida amalga oshmoqda; shuning uchun Pxenyan loyihani to’xtatib, Kremlni xafa qilishni istamaydi, deydi tahlilchi.

Ammo Chuning aytishicha, Shimoliy Koreyadan har narsani kutsa bo’ladi. Ba’zan Pxenyan diplomatik va harbiy sabablarga ko’ra muloqot qilishni to’xtatib qo’yishi mumkin, deydi u.

Rossiya rahbari Putin bunday xavotirlarni o’rinsiz deb biladi.

Uning aytishicha, uch tomonlama hamkorlikka siyosiy omillar ta’sir ko’rsatmasligi kerak. Aksincha, loyiha tomonlarni birlashtiruvchi kuch bo’ladi, deydi u.

Moskva va Seul Janubiy Koreyaning energiya talablarini qondirish uchun Shimoliy Koreya orqali o’tadigan gaz quvurlari tizimini ham qurmoqchi.

Rejalar olqishga sazovor, ammo ularning qachon amalga oshishi mavhum, deydi tadqiqotchi Chu.

Unga ko’ra, Rajin porti va gaz quvurlarini qurish ko’p vaqt oladi. Chunki, avvalo, ikki Koreya munosabatlariga oid muammolarni, shuningdek, Shimoliy Koreyaga joriy etilgan xalqaro sanksiyalarni bir yoqli qilish kerak, deydi u.

Ikki Koreya davlati o’rtasida o’zaro temiryo’l qatnovi so’nggi 56 yil ichida ilk bor 2007-yil yo’lga qo’yilgan edi. Ammo oradan bir yil o’tar-o’tmas, Pxenyan ziddiyatlar bois qatnovni to’xtatib qo’ydi. Shu bois Rossiya vositachiligida amalga oshadigan yangi iqtisodiy hamkorlikning ham istiqboli qanday bo’lishi aniq emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG