Breaking News

Janubiy va Shimoliy Koreyani birlashtirish rejasi olg'a surildi


Janubiy va Shimoliy Koreyaning yarim asrdan ziyod bir-birini ko'rmagan qarindosh fuqarolari ilk bor bir joyga yig'ilib uchrashish imkoniyatiga ega bo'ldi, 25-fevral, Diamond, Shimoliy Koreya.
Janubiy va Shimoliy Koreyaning yarim asrdan ziyod bir-birini ko'rmagan qarindosh fuqarolari ilk bor bir joyga yig'ilib uchrashish imkoniyatiga ega bo'ldi, 25-fevral, Diamond, Shimoliy Koreya.
Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe Shimoliy Koreya bilan birlashishga tayyorgarlik ko’rish uchun maxsus qo’mita tashkil etdi. Prezident Pakning aytishicha, shimol bilan birlashish ulkan iqtisodiy foyda keltiradi. Ammo bu jarayonning moliyaviy va huquqiy muammolari ham talaygina.
Ikki Koreyani birlashtirish rejasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:33 0:00
Yuklab oling
25-fevral kuni Janubiy Koreya rahbari ikki qo’shni davlatni birlashtirish rejasini e’lon qildi.

Prezidentning bir yillik ish faoliyati natijalariga bag’ishlangan nutqda shimol bilan birlashish vazifasi prezident idorasi qoshidagi maxsus qo’mitaga topshirilishi ta’kidlandi. Pakning aytishicha, qo’mita Pxenyan bilan muloqotni kengaytirish yo’lida faoliyat olib boradi.

Muloqotda jamiyatning barcha qatlamlari vakillari, xususan, diplomatiya, xavfsizlik, iqtisodiyot, sotsiologiya va madaniyat sohasi mutaxassislari ishtirok etishi kerak, deydi Pak. Uning aytishicha, birlashish bo’yicha milliy darajada muzokara olib borilib, birlashgan Koreya yarimorolini yaratish yo’lida aniq qadamlar tashlanishi kerak.

Ikkinchi jahon urushidan beri ikki davlat bir-biridan ajralib qolgan. Shimol Sovet ittifoqi ta’sirida qolgan bo’lsa, janub, asosan, AQSh himoyasiga tayangan.

Har ikki tomon ham birlashishga xohishi borligini ma’lum qilgan. Ammo buni qanday amalga oshirish masalasida kelishuv yo’q.

Ko’plab ekspertlarning aytishicha, birlashuv jarayonida shimolni janub darajasiga chiqarish uchun ketadigan xarajatlar Seul zimmasiga tushadi.

Prezident Pak Janubiy Koreyaning ilg’or texnologiyalari Shimoliy Koreyaning boy resurslari bilan birlashsa, ulkan iqtisodiy yutuqqa erishish mumkinligini aytadi. U Janubiy Koreyaning uch yillik iqtisodiy rejasida ham shu masalaga e’tibor qaratdi.

Pakning aytishicha, shimol bilan birlashish mamalakat iqtisodiyotining o’sishiga ijobiy hissa qo’shadi.

Germaniyaning birlashishi biz uchun yaxshi namuna, deydi u.

Ammo tahlilchilarga ko’ra, ikki Germaniya birlashgan paytda ulardagi yalpi milliy mahsulot bir-biridan u qadar katta farq qilmagan. Janubiy Koreyada esa odamlarning yillik daromadi shimoldagilarga qaraganda 18 barobar ko’p. Shuningdek, janubning yalpi milliy mahsuloti shimolnikidan 38 marta katta.

O’tgan yili Janubiy Koreya moliya vaziri birlashish bilan bog’liq xarajatlar uchun keyingi 10 yil davomida mamlakat yalpi milliy mahsulotining yetti foizi talab qilinishini aytgan edi. Bu esa bir trillion dollarga yaqin miqdorni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Xalqaro inqiroz guruhining Shimoli-sharqiy Osiyo bo’limi rahbari o’rinbosari Daniel Pinkstonning aytishicha, Janubiy Koreyada birlashishning huquqiy oqibatlarini qamrab olish uchun yetarli salohiyat mavjud emas.

“Shimoliy Koreyada yuzaga kelishi mumkin bo’lgan turli vaziyatlar uchun tayyor turish kerak. Ommaviy ko’chishlar yoki uy-joylarini tark etishlar kabi holatlarga duch kelishimiz mumkin. Yana boshqa ko’plab ana shunday ehtimoliy variantlar bor. Bunday sharoitlarda nima qilish bo’yicha huquqiy tizim mavjud emas”, - deydi Pinkston.

Prezident Pakning birlashishga oid yangi rejasi ikki mamlakat o’rtasida munosabatlar iliqlashayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Yaqinda Koreya urushidan beri bir-birni ko’rmagan ikki davlat oddiy fuqarolari o’rtasida uchrashish imkoniyati yaratib berildi. Shuningdek, tomonlar bu oy so’nggi yetti yil ichida ilk bor yuqori darajali muloqot o’tkazib, bir-birini ayblash amaliyotiga chek qo’yish bo’yicha kelishib oldi.

Uzoq yillardan beri janubga nisbatan keskin siyosat qo’llab kelgan Pxenyanning bu iltifoti ko’pchilik tomonidan ijobiy o’zgarish sifatida baholanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG