Breaking News

Kreml: "Fox News" Putin qotil degani uchun kechirim so'rasin


Kreml nazarida "Fox News" kanali boshlovchisi Bill Orayli Prezident Donald Tramp bilan suhbat qilar ekan, Rossiya rahbarini qotil deb atab, chegaradan o'tib ketdi. Prezident Vladimir Putinga nisbatan hurmatsizlik bu, deydi federatsiya rasmiylari.

"Fox News" muxbirining bu gapi haqorat va chidab bo'lmas munosabat. Bu telekanal bizdan kechirim so'rashi kerak", - deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Orayli Prezident Trampni savolga tutar ekan, Putindek "o'tmishda jinoyatlar qilgan rahbarni" qanday qilib hurmat qilish mumkin, unga qanday qilib ishonish mumkin, deya qiziqdi. Tramp esa javoban shunday dedi: "Qotillar ko'p. Bizda ham ular talaygina. Nima biz oppoqmizmi"?

Trampning bu gaplarini yetakchi respublikachilar tanqid ostiga olmoqda. Senatdagi lider Mitch Makkonnell fikricha, AQSh va Putinni qiyoslash aqldan emas. Makkonnell Putin, KGBning sobiq agenti, "kallakesar" deydi.

AQSh razvedka idoralari Rossiyani yaqinda o'tgan prezident saylovlarida Amerika ovoz berish tizimini buzishga uringanlikda aybdor deb topgan. Kreml Demokratik partiyaning kompyuter sistemalarini barbod qilishga uringan, deya hisobot berdi bu organlar Kongressga.

Lekin Tramp Rossiya rahbari bilan til topishishga tayyor ekanini aytib keladi. Yaqinda ular telefonda muloqot qildi.

Oq uyga ko'ra, prezidentlar ikki davlat orasidagi munosabatlarni yaxshilashga bel bog'lagan.

Tramp deydiki, Amerika yangicha tashqi siyosat yurita boshlaydi. Har bir mamlakat bilan hamkorlik va rishtalar elakdan o'tkaziladi, deydi u.

Amerika manfaatlari birinchi o'rinda bo'ladi, dedi u inauguratsiya nutqida. Oq uy har bir qarorni AQSh foydasini hisobga olgan holda qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG