AQSh Prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner bugun Senat Razvedka qo’mitasida qonunchilar savollariga javob bermoqda. Senatorlar saylov paytida Tramp shtabining Rossiya bilan aloqalari haqida ko’proq ma’lumot olmoqchi.
Majlis yopiq eshiklar ortida o’tmoqda. Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Rossiyani saylovga aralashganlikda ayblamoqda.
Prezident Rossiya bilan aloqalar bo’lganini inkor etmoqda. Kushner Tramp saylov shtabining muhim a’zolaridan bo’lgan, qaynotasiga maslahatlar bergan, ayni damda prezidentning Yaqin Sharq siyosati bo’yicha maslahatchisi.
"Jared boshqa mamlakatlar bilan kelishishda, Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatishda yordam beradi. U juda ham qobiliyatli yigit”, - degan edi Tramp.
Ba’zilar Trampni o’g'illari va kuyoviga Oq uyda muhim lavozimlarni berganlikda ayblamoqda.
Demokrat qonunchilar Tramp oila a’zolarining hukumatda egallagan lavozimlari ularga tegishli bizneslar taraqqiyotiga qanday ta’sir qilayotganini ham bilmoqchi. Kushner soliq deklaratsiyasiga 10 yarim million dollardan oshiq mulklarni kiritishni unutgani haqidagi xabarlar bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
"Biz prezident va oilasining bunday jinoiy, nokonstitutsion harakatlarini fosh qilishga intilyapmiz. Men bularni anchadan beri jinoiy oila deb atayman”, - deydi kongressmen Maksin Uoters.
Kongress va maxsus tergovchi ayni damda Rossiyaning 2016-yil Amerika saylovlariga aralashganini tergov qilmoqda va Tramp saylov shtabi g’alaba qozonish uchun Rossiya bilan til biriktirgan bo’lishi mumkin.
Kushner Senatdan tashqari Vakillar palatasi qo’mitasida ham savollarga javob beradi, xususan uning Rossiyaning o’sha paytdagi elchisi Sergey Kislyak bilan o’tgan yili kechgan ikki telefon suhbati yuzasidan.
Kushnerning advokatlari ikki arbob AQSh va Rossiyaning Suriyadagi urush bo’yicha hamkorligi xususida gaplashganini aytadi.
Facebook Forum