Breaking News

Prezident Trampning kuyovi Iroqqa bordi


Jared Kushner, AQSh davlat rahbarining kuyovi va yaqin maslahatchisi, kutilmaganda Bag'dodga bordi
Jared Kushner, AQSh davlat rahbarining kuyovi va yaqin maslahatchisi, kutilmaganda Bag'dodga bordi

Prezident Donald Trampning kuyovi va yaqin maslahatchisi Jared Kushner Iroqqa safar qilib, u yerdagi vaziyat bilan tanishdi. "Islomiy davlat" ga qarshi kurash qanday kechayotgani haqida ma'lumot oldi.

Kushner Bag'dodga 3-aprel kuni borgan. U AQSh bosh harbiysi general Josef Danfordga hamrohlik qilgan. Tashrif haqida Oq uy ular hali manzilga yetmasdan ma'lumot bergan. Bu esa protokolga qarshi, deya g'azabda, xavfsizlik rasmiylari. Chunki yuqori mansabdorlar, ayniqsa qo'mondonlarning xorijiy safari ular yo'lda ekani paytida ma'lum qilinmaydi. Danford Pentagonda Bosh shtab rahbari. Birinchi raqamli harbiy.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy bilan muloqot kechgan. Mudofaa vaziri Irfan al-Hayoliy ham bu ikki rasmiy bilan uchrashgan.

Maqsad, deya bildiradi Oq uy, bu mamlakatdagi ahvolni o'rganish. Tramp ma'muriyati yangi strategiya ustida bosh qotirmoqda.

Jared Kushner va general Josef Danford Germaniyadagi harbiy bazadan Bag'dodga yo'l olmoqda, 3-aprel, 2017
Jared Kushner va general Josef Danford Germaniyadagi harbiy bazadan Bag'dodga yo'l olmoqda, 3-aprel, 2017

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlari olib bormoqda, shuningdek, Musul shahrini terrorchilardan tozalashda Iroq kuchlariga yordamlashmoqda.

Kushner, qaynotasi singari, xalqaro siyosatda tajribasiz. Diplomatiya sohasida oldin ishlamagan. Lekin bugun Oq uyda tashqi siyosat bo'yicha yetakchi rasmiy. Kushnerning rafiqasi 35 yoshli Ivanka Tramp ham siyosiy malakaga ega bo'lmasa-da, otasining yaqin maslakdoshi va Oq uyda o'z ofisiga ega.

36 yoshli Kushner ko'chmas mulk va matbuot biznesi bilan shug'ullangan va bugunga kelib, rasmiy vazifani tanlagani uchun, tadbirkorlikdan voz kechgan.

Amerika axborot vositalarining yoritishicha, Jared Kushner va Ivanka Tramp amalda biznesni tark etmagan va daromad olishda davom etmoqda. Manfaatlar to'qnash kelsa-da, Oq uy etik muammolarga ko'z yumib, savollarga javob bermayapti. Bu esa mamlakat bo'ylab keskin norozilik uyg'otgan.

Tramplar oilasi bosim ostida, deydi siyosatdonlar, prezident va uning farzandlari oshkora ish yuritishi va nozik masalalarga chuqur mas'uliyat bilan yondashib, xalq oldida javob berishi kerak.

Prezidentning yaqinlari yuqori lavozimlarni so'zsiz egallayotgani yakkahokimlikka asoslangan tuzumlarga xos holat, deydi tanqidchilar. Amerikaliklar bunday nepotizmga chidab o'tirmasligini aytmoqda.

Kushner hozirgi mansabida Kanada, Meksika va Yaqin Sharq bo'yicha bosh diplomat sifatida ko'riladi. Asosiy vazifalaridan biri Isroil-Falastin mojarosini hal etish, ya'ni tomonlarni murosa qilishga ko'ndirish. "Islomiy davlat"ni yo'q qilish ham ustuvor vazifa deya belgilangan.

Prezident Tramp kuyovi va qiziga tayanishini aytib, ularni har qanday siyosatchidan ham zukko va uddaburo shaxslar deya ta'riflaydi.

Kushner, shuningdek, davlat organlarida xususiy sektorga xos ish uslubini ham targ'ib qilmoqda.

Bu orada Iroqdagi havo hujumlarida o'tgan oy 200 fuqaro o'lgan bo'lishi mumkin. Amerika kuchlari xatolar bo'lganini tan olmoqda lekin terroristlar odamlardan niqob sifatida foydalanmoqda, deya iddao qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG