Breaking News

Jenevada Suriya muloqotining navbatdagi bosqichi boshlandi


Suriya
Suriya

Vashingtondagi "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiya anjumanidan bir kun o'tib, Jenevada BMTning Suriyaga oid navbatdagi muloqoti boshlandi. Suriya hukumati va muxolif guruhlar o'rtasida kechayotgan uchrashuvda davlat boshqaruvi, konstitutsiya, saylov va xavfsizlik masalalari muhokama qilinmoqda. Tomonlar yil boshida erishilgan kelishuvni yanada kuchaytirishdan umidvor.

Bir kun avval Vashingtonda kechgan "Islomiy davlat"ga qarshi kurash muhokamasida AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Suriyadagi vaziyat bo'yicha ma'lumot bermadi.

"Koalitsiya sifatida bizning ishimiz davlat qurish yoki qayta qurish emas. Hamkorlarimizning qimmatli va cheklangan resurslari IShIDning qayta kuchayishiga yo'l qoymaslikka va urushdan jabr ko'rgan jamoalar o'z hayotlarini qayta qurib, barqarorlikka erishishiga yo'naltirilishi kerak", - dedi Tillerson.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchi Mark Toner "Amerika Ovozi" bilan suhbatda IShID jangarilarining boshqa hududlarga tarqalishiga yo'l qo'ymaslik uchun AQSh mintaqa davlatlari bilan yaqindan ishlashini aytdi.

"Musulmon davlatlari va hukumatlari IShIDni jiddiy xavf sifatida ko'rishadi. Guruh jismonan in qurgan Iroq va Suriya kabi davlatlarda hududlar ozod qilingandan keyin u joylarga odamlar qaytib kelishi uchun qayta qurish, infratuzilmani tiklash, xavfsizlikni ta'minlash kabi ishlar amalga oshirilishi kerak", - dedi Toner.

Jeneva anjumanida AQSh rasmiylari ham qatnashayotgan bo'lsa-da, so'nggi oylarda tinchlik muloqotini tashkillashtirish va amalga oshirishda Rossiya, Turkiya va Eron ko'proq faollik ko'rsatmoqda. Suriya hukumati kuchlari Rossiya harbiy ko'magi bilan muxolifat nazoratidagi ko'plab hududlarni qaytarib olishga muvaffaq bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG