BMT maxsus elchisi Staffan de Mistura Jenevada Suriya hukumatining delegatsiyasi bilan ko'rishdi. U shu tariqa qariyb olti yillik urushga barham berish yo'lida yana bir tashabbusga qo'l urmoqda.
Staffan de Mistura bugun, payshanba kuni Suriya muxolifati bilan ham gaplashishi kutilmoqda. Yaqin kunlarda tezkor yechim haqida gap bo'lishi mumkin emas, ammo tinchlik yo'lida olg'a qadam tashlash uchun hozir ayni muddao, deydi u.
Suriyada jang qilayotgan taraflar to'qqiz oy oldin Jenevada oxirgi marta ko'rishgan, erishilgan sulh bot-bot buzilgani sababli, muloqot samarasiz tugagan.
De Mistura tomonlar amaldagi sulhni hurmat qilishida gap ko'p, demoqda.
Uning aytishicha, Rossiya o'z ta'sirini ishga solib, sulh ijrosini ta'minlashga hissa qo'shayapti.
BMT rasmiysi boshqa davlatlardan ham Suriya hukumati va muxolifatini murosaga chorlashni so'radi.
2011-yilning martida boshlangan ixtilof Suriyada salkam 400 ming kishini hayotdan olib ketdi. Mamlakatning o'zida olti million odam uyini tashlab sarson-sargardon. Shularning yarmi bolalar. Besh million aholi qo'shni o'lkalarga qochdi.