AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Jenevada Suriya mojarosi yuzasidan navbatdagi muloqot uchun uchrashdi.
Bundan avval Kerri Saudiya Arabistoniga borib, Suriya ixtilofiga yechim topish haqidagi yangi rejani arab ittifoqchilari bilan muhokama qilgan.
Vashington va Moskvaning yetakchi rasmiylari avvalgi uchrashuvlarda umumiy kelishuvga erisha olmagan edi. Chunki tomonlar Suriya urushida qarama-qarshi guruhlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Jeneva muloqoti doirasida har ikki mamlakat diplomatlari Suriya mojarosi yuzasidan o'zaro axborot almashish va harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olishi kutilyapti. Shuningdek, "Islomiy davlat" jangari guruhini yakson qilishga alohida e'tibor qaratiladi.
Kerri o'tgan oy Moskvada tadqim qilgan ilk rejaga ko'ra, AQSh va Rossiya "Islomiy davlat"ga qarshi birgalikda havo hujumlarini amalga oshirishi, Suriya havo kuchlari esa bundan boshqa havo amaliyotlariga qo'l urmasligi ko'zda tutilgan edi.
Turkiya harbiylarining shu hafta Suriya chegarasini kesib o'tib, "Islomiy davlat" va kurd guruhlariga qarshi amalyot boshlagani vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Muloqotda shu masala ham tilga olinishi kutilyapti.