AQSh Turkiyaning Rossiyaga yuzlanayotgani haqidagi xavotirlarni jiddiy qabul qilmayapti. Vashingtonning aytishicha, Anqara bilan munosabatlar so’nggi paytlarda sovuqlashganiga qaramay, ikki tomonlama hamkorlik davom etadi.
Turkiyada Amerikaga qarshi kayfiyat kuchaymoqda.
Vashington harbiy isyonni yoqlagani, uning ortida turgan odamni himoya qilayotgani haqida ayblovlar yangramoqda.
Turkiyaning Rossiyaga yaqinlashayotgani esa yana bir xavotir manbai. Ikki davlat rahbarlari Sankt-Peterburgda uchrashib, aloqalarni qayta tiklashga kelishib oldi.
AQSh buni jiddiy olmayapti.
“Bularning orqasidan Turkiya bilan aloqalarimiz zaiflashadi, deb o’ylamayman. Ular mustaqil davlat, butun dunyo bo’ylab bunday aloqalarni o’rnatishgan”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Elizabet Tryudo.
Isyon va Suriyadagi mojarolarga oid kelishmovchiliklarga qaramay, AQSh va Turkiya yaqin hamkorlar bo’lib qolishini aytmoqda.
“Suriyada IShIDga qarshi kurashda erishgan yutuqlarimizni saqlab qolish uchun Turkiya bilan ishlashda davom etamiz”, - dedi Prezident Barak Obama.
Turkiya-Rossiya aloqalari NATO uchun zarba, deyayotganlar ham bor.
“Putin uchun Turkiyaning NATOga sodiq emas, balki beqaror ittifoqchi bo’lib qolishi muhimroq. Rossiya Anqaraning G’arb bilan aloqalarida hozirgi rolidan ko’ra mavhumroq bir mavqeda turishini xohlaydi”, - deydi tahlilchi Aykan Erdemir.
Boshqalar esa Turkiya uchun NATO va AQSh ko’proq mafaatli ekanini aytadi.
“Turklar bu ishlari orqasidan AQShning xavotirga tushishini kutishyapti. Bu haqiqatdan yiroq narsa”, - deydi Uilson markazi tahlilchisi Henri Barki.
Kuzatuvchilar fikricha, Anqara Suriya masalasida Rossiya bilan kelishmovchiliklarini hal qilishi qiyin va iqtisodiy jihatdan Turkiyaga G’arb ko’proq kerak. Shu bois bo’lsa kerak, AQSh Turkiyanng NATOdagi o’rnini mustahkam demoqda.