Breaking News

NATO: Turkiya bizning muhim ittifoqchimiz


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an NATO sammitida, Varshava, Polsha, 9-iyul, 2016-yil.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an NATO sammitida, Varshava, Polsha, 9-iyul, 2016-yil.

Turkiya va G'arb o'rtasida yuzaga kelgan ziddiyatni yumshatish uchun NATO Anqaraning muhim hamkor ekanini qayd etdi.

"Turkiya muhim ittifoqchi, NATOning qo'shma harakatlariga salmoqli hissa qo'shadi. Xavfsizlik bo'yicha eng katta tahdidga yuzlashib turgan bir paytimizda Turkiya alyansning muhim qarorlarni qabul qilishida to'liq ishtirok etadi", - dedi tashkilot so'zlovchisi Oana Lunjesku

NATO bayonoti Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an Sankt-Peterburgda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishidan bir kun o'tib e'lon qilindi. Uchrashuv ortidan Anqara-G'arb munosabatlari yanada zaiflashishi haqida xavotirlar kuchaygan.

NATOning ikkinchi eng katta harbiy qudrati sifatida Turkiya Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni yechishda G'arb uchun eng muhim hamkor sifatida ko'riladi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari hamda harbiylari ayni paytda Rossiyada Suriya muammosini hal qilish masalasida muzokara olib bormoqda.

Bu haqdagi ma'lumot Putin Turkiya bilan to'la qonli aloqalarni qayta tiklashi haqida bayonot berishi ortidan e'lon qilindi. Lekin Rossiya rahbari savdo aloqalarini qayta qurish vaqt olishini aytdi.

Erdog'an o'z navbatida ikki mamlakat o'rtasida yiliga 100 milliard dollarlik savdo yo'lga qo'yilishini hamda yuk tashuvchi havo qatnovlari joriy qilinishini bildirdi.

Turkiya rahbari, shunigdek, Rossiya bilan gaz quvuri loyihasini boshlashga hamda Turkiyaning ilk atom stansiyasini qurish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi.

Tomonlar o'rtasida eng ziddiyatli mavzu Suriya bo'lib qolmoqda. Yevropadagi Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Mark Pieriniga ko'ra, bu borada umumiy yechim topilishi qiyin.

"Terrorga qarshi kurashdagi hamkorlik dastlabki qadam bo'lishi mumkin. Ammo, agar Turkiya Assad bo'yicha qarashini o'zgartirmasa, uzoq muddatli aloqa bo'lishi qiyin", - deydi u.

O'tgan yili Rossiya harbiy samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilgach, aloqalar to'xtab qolgan edi. Ammo G'arbning Erdog'anga nisbatan keskin tanqidi, ayniqsa, 15-iyuldagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat to'ntarishi ortidan Anqarani qattiq qo'llab-quvvatlamagani Turkiyani darg'azab qildi va bu hodisalar uni Rossiya bilan aloqalarni qayta tiklashga undadi.

"Mahalliy siyosatdagi juda murakkab vaziyatga qaramasdan, sizning bugun kelishingiz Rossiya va Turkiya o'rtasida muloqot va aloqalarni qayta boshlashni barchamiz xohlashimizni ko'rsatadi", - dedi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mahmut Chovushog'li Erdog'anning Rossiyaga safari G'arbga ogohlantirish sifatida amalga oshirilgani haqidagi da'volarni inkor etdi.

"Afsuski, Yevropa Ittifoqi ayrim jiddiy xatolarga yo'l qo'yyapti. Ular davlat to'ntarishiga urinish ortidan kelgan sinovga dosh bera olmadi. Yevropa Ittifoqiga qo'shilishni aholining 50 foizi qo'llayotgan edi, hozir bu raqam 20 foiz atrofida", - dedi u "Anadoli" axborot agentligi bilan o'tkazilgan intervyuda.

Turkiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy isyon tashkilotchisi sifatida AQShda istiqomat qiluvchi Fathulla Gulenni ayblamoqda. Anqara uning ekstraditsiya qilinishini talab qilgan, hozircha AQSh bu borada o'z xulosasini taqdim etgani yo'q.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Elizabet Tryudo ekstraditsiya masalasi hissiyot yoki siyosiy da'vatlarga ko'ra emas, balki shartnomaga asosan hal qilinishini aytdi.

Erdog'an Turkiya talablariga G'arbning sovuqqonlik bilan munosabat bildirayotganini xiyonat sifatida baholamoqda, deydi Xalqaro munosabatlar bo'yicha Moskva davlat instituti tadqiqotchisi Viktor Mizin.

"Hozir Turkiyani Sharqqa qarab burilmoqda, deyish mumkin. Ozarbayjon, Eron va Qozog'iston kabi davlatlar bilan aloqalarni targ'ib qilish yo'lidan boryapti", - deydi u.

Siyosiy tahlilchilar nazarida Erdog'anning 180 daraja o'zgarib, Rossiya bilan yaqinlashishiga, asosan, iqtisodiy manfaarlar sababchi bo'lsa-da, G'arb bilan aloqalarning yomonlashgani ham Putin bilan yuzma-yuz uchrashishga undagan.

Ammo Anqara AQSh va Yevropadan butunlay yuz o'girib, Rossiya bilan strategik hamkorlik o'rnatishini kutish qiyin, deydi Mizin.

"Ayrim AQShlik ekspertlar da'vo qilganidek, Turkiyani NATOdan haydab yoki surib chiqara olishmaydi. Chunki Turkiya juda muhim davlat", - deydi tahlilchi.

Turkiya-Rossiya muloqotida asosiy urg'u iqtisodiy hamkorlikka qaratilsa-da, munosabatlarning butunlay izga tushishiga Suriya mojarosi xalal berishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG