AQShning B61 atom bombasini maxfiy kodni bilmay turib harakatga keltirishning imkoni yo’q. Bu bombalar yer ostida joylashgan qattiq muhofazlangan kameralardagi maxsus rastalarga joylangan. Ikki qatlam devor ortidagi bombaxonani ko'p sonli harbiylar qo'riqlaydi, atrofiga projektorlar, nazorat kameralari va detektorlar o’rnatilgan.
AQShning mana shunday maxfiy obyektlaridan biri Turkiya janubidagi Injirlik aviabazasida joylashgan. Yaqinda Turkiyada davlat to'ntarishiga harakat muvaffaqiyatsizlikka uchragach, bazada ishlovchi qo’mondonlardan biri fitnaga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olindi.
Yadro qurollarini tarqatmaslik bo’yicha kaliforniyalik ekspert Jeffri Lyuis bu jiddiy muammo, deydi.
“Hozircha u yerdagi bombalar xavfsiz, ammo ularni qo’lga kiritmoqchi bo’lgan mahalliy hukumat harakatlariga qarshi xavfsizlik choralari yo’q. Demak, siyosiy jihatdan beqaror mamlakatda atom bombalarini saqlash mumkin emas”, - deydi u.
So'nggi haftalarda Prezident Rajap Toyib Erdog’an armiya, sud tizimi, matbuot va ta’lim muassasalarida tozalash ishlarini boshladi. Minglab odamlar hibsga olindi.
Xorijiy davlatlar rahbarlari bundan xavotirda. Yadroviy qurol bo’yicha mutaxassislar ham.
“Albatta, bunday bombalarni qo’lga kiritishda jiddiy to’siqlar bor, lekin turli holatlar va falokatlar yuz berishi ehtimoli ham bor-da”, - deydi Amerika olimlari federatsiyasining yadroviy ma’lumot loyihasi rahbari Xans Kristensen.
Barqarorlikni kafolatlash
Kongress tadqiqotlar xizmatining yadroviy qurol bo’yicha mutaxassisi Emi Vulfning aytishicha, Yevropa bo’ylab AQShning 200 ta B61 rusumidagi bombasi bor.
“Ulardan maqsad nafaqat agressiya ehtimolining oldini olish, balki NATO hamkorlarimiz bilan birdamlikni kafolatlashdan iborat”, - deydi u.
Bu bombalardan 50 tasi Injirlik aviabazasida joylashgan bo'lishi mumkin.
Vulfning aytishicha, ular omborxonada saqlanadi, chunki Turkiyaning atom bombalarini tashuvchi samolyotlari yo’q, AQShga esa turk aviabazasida bunday samolyotlarini ushlab turishga ruxsat berilmagan. NATOga a’zo davlatlardan biri tahdidga uchragudek bo'lsa, bu arsenalga ehtiyoj tug'ilishi mumkin.
Ammo Turkiyadan atom bombalarini olib chiqish xato bo’lardi, deydi Vashingtondagi Guver institutidan AQSh mudofaasi bo’yicha mutaxassis Kori Sheyk.
“Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya kabi davlatlar bizni AQSh himoyalaydi, deb o’z atom quroli ustida ishlamagan. Bunday kafolatsiz ular bu ishga qo'l urishi mumkin”, - deydi u.
Atom bombalarini Turkiyadan olib chiqishning yana bir salbiy tomoni shundaki, Yaqin Sharq, xususan Suriyadagi mojarolar ta’siridan xavotirga tushgan Anqara Rossiya yoki Eron bilan ittifoqqa kirishi mumkin.
“Agar AQSh xavfsizlik kafolatchisi rolidan voz kechsa, Turkiya Eron bilan yaqinlashishga majbur bo'lishi mumkin, ayni damda bunga asos bo'lmasa-da”, - deydi Sheyk.
Bombalarni olib chiqish vaqti keldimi?
Tahlilchi Lyuis fikricha, Erdog’an Turkiya hududidagi yadroviy arsenaldan emas, siyosiy muxolifatdan ko’proq xavotirda.
“Erdog’an hozircha bu masalani ko’tarmayapti”, - deydi u.
Kristensen ham hozir atom bombalarini Injirlikdan olib chiqishga siyosiy zarurat yo’q, deydi.
“Turkiya uchun AQSh bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yadroviy arsenal bilan cheklanmaydi. Asosiysi - NATOning an’anaviy qo’shinlari va bu borada aloqalarimiz juda yaxshi”, - deydi Kristensen.
Shu bilan birga, mutaxassis Turkiyadan atom bombalarini olib chiqish fursati keldi, degan fikrda. Mamlakatdagi siyosiy beqarorlik, "Injirlik" aviabazasining Suriya chegarasidan bor-yo’g’i 150 kilometr narida joylashgani jiddiy tashvish uchun yetarlicha asosdir.