Breaking News

Turkiya Yevropadan yuz o'girmoqdami?


Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari taranglashmoqda.Rasmiy Anqara agar vizasiz rejim joriy qilinmasa, suriyalik qochqinlar bo`yicha kelishilgan bitim bekor qilinishi haqida ogohlantirgan.

Turkiyada amalga oshmagan harbiy to'ntarish ketidan mamlakat bo'ylab davom etayatgan namoyishlar hozir yevropa mamlakatlariga ham tarqalgan. Germaniyadagi turklar kuni kecha prezident Erdog'anni qo'llab ommaviy namoyishlar uyushtirgan. Erdog`anning namoyishchilarga murojaatini Germaniya sudi jonli ko`rsatishga ruxsat bermagani esa Anqarada jiddiy norozilik uyg`otgan. Shunday jarayonlar Turkiya va Yevropa Ittifoqi munosabatlari tobora yomonlashayotganidan dalolat.

Kyoln shahrida prezident Erdog`anni qo`llagan namoyish “Yevropadagi turkiyalik demokratlar ittifoqi” (UETD) tomonidan o`tkazilgan. Tashkilotchilarga ko`ra, unda Yevropa davlatlarida yashayotgan 40 mingga yaqin kishi qatnashgan. Politsiya esa namoyishchilar soni 20 mingdan oshmaganini aytmoqda.

Shu kuni Kyolnda Erdog`an siyosatiga qarshi bir nechta norozilik aksiyasi o`tgan, unda Germaniyadagi siyosiy kuchlar, shuningdek, millatchi guruhlar qatnashgan.

Erdog`an qo`llovi uchun yig`ilgan namoyishchilar davlat to`ntarishiga urinish harakatlarini qoralashgan, uning siyosatini yoqlashgan. Erdog`anning namoyishchilarga qaratilgan telemurojatiga taqiq qo`yilgan, tadbirda qatnashgan Turkiya Sport vaziri prezident murojaatini o`qib eshittirgan.

Turkiya murojaatga ruxsat berilmaganini so`z erkinligi bo`g`ilishi sifatida baholagan, Germaniya sudi o`z qarorini ommaviy tadbirlar o`tkazilishiga doir qonunchilik bilan izohlagan. Bu taqiq Germaniya elchixonasi vakilining Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilishiga ham sabab bo`lgan.

Germaniyada 4 millionga yaqin turkiyalik yashaydi. Davlat to`ntarishiga urinish bilan bog`liq ziddiyatga Germaniyadagi turklar tortilayotgani, Erdog`anni qo`llash bo`yicha o`tgan namoyish nemis jamoatchiligida munozaralar qo`zg`agan.

Ijtimoiy so`rovlarda aksariyat nemislar Erdog`an uchun Germaniyada namoyish o`tayotganini salbiy baholaydi. Ayrim qarashlarga ko`ra, aksincha, bu Germaniyada namoyishlar o`tkazilishi erkinligidan dalolat. Nemis matbuoti Erdog`an hukumati Yevropadagi turklarni ham ikki guruhga - Erdog`anni yoqlovchilar va unga qarshilarga ajrata boshlagani haqida yozmoqda.

Ayni paytda Turkiya-Yevropa Ittifoqi aloqalari ham ancha taranglashgan. Turkiya agar vizali tizim bekor qilinmasa, Yevropa Ittifoqi bilan qochqinlar bo`yicha kelishilgan bitimdan chiqishi mumkinligini e`lon qilgan.

Bu taranglikdan Germaniya -Turkiya munosabatlari ham xoli emas. Germaniya davlat to`ntarishiga urinish ortidan Turkiyada boshlangan ommaviy hibslarni qoralab chiqqan. Ma`lumotlarga ko`ra, Anqara Berlindan davlat to`ntarishiga urinishda aloqadorlikda gumonlanayotgan turkiyaliklarni topshirishni so`rab murojaat qilgan, dalil isbotlar lozimligini aytgan Germaniya bu talabni rad etgan. Anqara so`rayotgan turkiyaliklar kimligi oshkor qilinmaydi, ular Turkiyada boshlangan hibslardan qochib Germaniyaga kelishgani taxmin qilinadi.

Turkiyada yashab kelayotgan o`zbek sharhlovchisi Namoz Normo`minga ko`ra, hozir Turkiyaning Yevropa, AQSh bilan munosabatlari istiqboli haqida gapirish qiyin, hozircha Erdog`an bilan bevosita gaplashgan yetakchi Putin bo`lib qolmoqda.

“AQSh prezidenti ham, Yevropa vakillari ham to'ntarishni qoralab, qonuniy hukumat tomonida ekanliklarini bildirishdi. Ammo hech kim bevosita Erdog`an bilan gaplashmagan. Faqat Putinning o`zi telefon qilib qo`llab-quvvatlagan. Yaqinda Erdog`anning Rossiyada Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. G`arbda Turkiyadagi bosimlar, tazyiqlar haqida ayblovlar esa mutlaqo o`rinsiz, Turkiya erkin, demokratik mamlakat. To'ntarish OAV o`rni qanchalik muhim ekanligini ko`rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlar ham ochiq. Turkiya diktatura tomon ketayapti degan ayblovlar bo`hton. Diktatura nimaligini O`zbekistonga borib ko`rishsin. Hamma joyda ham davlat to`ntarishiga urinish jiddiy jinoyat, aybdorlar jazolanishi kerak”, - deydi Normo`min.

Yevropada siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjonga ko`ra, tashkilotchisi mavhum qolyotgan davlat to`ntarishiga urinish Erdog`an uchun G`abrga, AQShga ham shartlar qo`yish imkonini berdi:

“Erdog`an o`zi, uning oilasi aralashgan korrupsiyaga doir ishlar ochiqlanishi ortida ham G`arb davlatlari turibdi, deb o`ylayapti. Buning uchun u hatto NATOdan uzoqlashish darajasigacha ham borishi mumkin. Mana yaqinda Rossiyaga borayapti, Putin bilan turli kelishuvlar imzolaydi. Shu bilan u AQShga, Yevropaga ham menga qarshi harakatlarni to`xtating, bo`lmasa narigi tomonga, sizga dushman tomonga o`tib ketaman, deb qo`rqitmoqchi. Turkiya musulmon davlati, ammo demokratik qadriyatlar saqlab qolinishi o`ta muhim. Turkiya arab davlatlari, Markaziy Osiyo ham emas, shuning uchun ham men diktaturani mustahkamlayotgan Erdog`an kabi odam uzoq vaqt qolishiga ishonmayman”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiyada o`tgan oy davlat to`ntarishiga urinish bostirildi. G`alayon xalqaro jamoatchilik tomonidan qoralandi. Turk g`alayonda harbiylarni, ayni paytda AQShda yashayotgan ulamo Fathulla Gulenni ayblab chiqdi. Gulenning o`zi bu ayblovlarni inkor etgan.

Davlat to`ntarishi bostirilishi ketidan minglab odamlar qamoqqa olindi, axborot vositalari faoliyati to`xtatildi. Yevropa Ittifoqi, xalqaro tashkilotlar bu borada xavotir bildirib chiqishmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG