Breaking News

Turkiyada uch oylik favqulodda holat e'lon qilindi


Harbiy to'ntarish muvaffaqiyatsiz yakunlanishi ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an mamlakatda favqulodda holat e'lon qildi. Ushbu chora muxolif guruhlarni yanada tazyiq ostiga olish quroli sifatida foydalanilishi mumkin.

Favqulodda holat uch oy davom etadi. Bu haqda Erdog'an 20-iyul kuni milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchilari va vazirlar bilan uchrashishi ortidan televideniye orqali e'lon qilgan.

Prezidentning aytishicha, favqulodda holatdan maqsad demokratiya va qonun ustuvorligini tezroq qayta tiklashdir. Uch oylik amaliyotning ijrosi harbiylar qo'liga topshirilmaydi.

20-iyul kechasi ham yuzlab odam Istabul markaziga yig'ilib, Turkiya yetakchisini qo'llab-quvvatladi.

Kuzatuvchilar fikricha, Erdog'an yangi chora orqali harbiy to'ntarishni uyushtirishda ayblangan Fathulloh Gulen harakati izdoshlari ta'qibini yanada kuchaytiradi.

O'tgan hafta jumadan beri qamoqqa olinganlar soni 9000 dan oshgan. Ularning olti mingi harbiylar. Shuningdek, 50 ming davlat xizmatchisi, jumladan, sudyalar va o'qituvchilar ishdan bo'shatilgan.

Ta'lim sohasi xodimlariga xorijga sayohat qilish taqiqlandi. Chunki Ta'lim vazirligining 21 ming ishchisi Gulen harakatiga aloqadorlikda gumonlanib, ishdan bo'shatilgan. Ular orasida 1500 dan ortiq universitet dekanlari bor.

Erdog'anning "Al-Jazira" telekanaliga aytishicha, hibsga olinganlarning ayrimari harbiy to'ntarishdagi ishtirokini tan olib, Gulenning unga aloqasi haqida ham ma'lumot berishni boshlagan. Unga ko'ra, to'ntarishda xorijiy davlatning qo'li bo'lishi ham mumkin. Agar AQSh Gulenni ekstraditsiya qilmasa, katta xato bo'ladi, dedi Turkiya yetakchisi. U, shuningdek, agar parlament ma'qullasa, o'lim jazosini qayta tiklashini bildirdi.

Erdog'an harbiy to'ntarishning muvaffaqiyatsiz yakunlanishini demokratiyaning tantanasi deb atadi. Ammo uning ommaviy hibslarga zo'r berishi Vashington bilan aloqalarda taranglikni keltirib chiqarishi mumkin.

AQSh Davlat kotibi harbiy to'ntarishni qoraladi, ammo Turkiyani jinoyatchilarni topishda haddidan oshib ketmaslikka chaqirdi.

Obama ham harbiy to'ntarishni keskin qoralab, ayni paytda tergov va surishtiruv ishlarini demokratik institutlar hamda qonun ustuvorligiga aholining ishonchini saqlab qolgan holda o'tkazishni so'radi.

Oq uyning ma'lum qilishicha, Vashington tergov ishlarida Turkiyaga kerakli yordamni berishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG